Google va Facebook kompaniyalari 100 million dollarlik aldov qurboniga aylanishganini tan olishdi. AQSh Adliya vazirligining xabar berishicha, hujum ortida 48 yoshli Litva fuqarosi Evaldas Rimasauskas turgan, unga mart oyida firibgarlik bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Mahkamaning mart oyida xabar berishicha, litvalik 2013-2015 yillar davomida o‘zini dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi osiyolik tadbirkor sifatida tanishtirgan hamda hisob raqamlari, shartnomalarni soxtalashtirgan va fishing ma'lumotlarini olgan.
Fishing – internetdagi eng keng tarqalgan firibgarlik turi bo‘lib, u foydalanuvchilar login va maxfiy so‘zlarini olishdan iborat.
Vazirlik Rimasauskas Litvada qo‘lga olingani haqida ilk bor xabar berganida, jabrlanganlar haqida ma'lumotlar ko‘rsatilmagan.
"Soxta elektron maktublar kompaniyalar xodimlariga yuborilgan, buning oqibatida “Osiyo” kompaniyasi hisob raqamiga millionlab dollar mablag‘lar o‘tkazib berilgan", - deya ta'kidlashgan AQSh Adliya vazirligida.
Bu xabarlarning barchasi bitta kompaniyadan kelgan maktub sifatida ko‘rsatilgan, biroq ularning hammasi yolg‘on manzilga olib borgan hamda unga Google va Facebook xodimlari mablag‘lar o‘tkazib berishgan.
"Biz sotuvlar bo‘limida ma'lumotlar sizib chiqqanini payqadik va hukumatni bundan tezkorlik bilan xabardor etdik. Biz pullarni qaytardik", - deya ta'kidlab o‘tdi Google matbuot xizmati.
"Facebook sarflangan mablag‘larning katta qismini tezlik bilan qaytardi va ayni damda tergov bilan hamkorlik qilmoqda", - deya xabar berdi eng yirik ijtimoiy tarmoq vakili.
Har ikki kompaniyada ham mablag‘lar qanday qaytarilganiga oydinlik kiritishmadi.
Yevropolning yaqinda taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda fishingga asoslangan kiberjinoyatlar ko‘paygan, shuning uchun kompaniyalarga kim bilan hamkorlik qilayotganliklarini jiddiy tekshiruvdan o‘tkazish tavsiya etilmoqda.