2017 yilning 17-19 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotiga a'zo mamlakatlardagi aloqa ma'murlari rahbarlari kengashining yig‘ilishi doirasida Belarus Respublikasining Minsk shahrida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Belarus Respublikasining Aloqa va axborotlashtirish vaziri Sergey Popkov, Rossiya Federatsiyasining Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Nikolay Nikiforov, Qozog‘iston Respublikasi Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Axborot texnologiyalari va aloqa bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Eshmambet Amatovlar bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga oid uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirish mumkin bo‘lgan manfaatli hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Minsk shahrida Sherzod Shermatov hamda Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi tashkilotining bosh kotibi Xoulin Chjao o‘rtasida uchrashuv tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi hamda Ittifoq o‘rtasidagi aloqalarning istiqboli muhokama qilindi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Belarus Respublikasining Yuqori texnologiyalar parkida bo‘lib, mahalliy bozorda yangi va yuqori texnologiyalar, jumladan dasturiy ta'minot hamda axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy asoslari, jahon bozori talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarishda Belarus tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
Muzokaralar natijasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Belarus Respublikasining Yuqori texnologiyalar parki o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat asosida AKT-parklar faoliyatini tashkil qilish, shuningdek AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish kelishib olindi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Belarusning Yuqori texnologiyalar parkining Ta'limiy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, Wargaming kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda vatanparvarlik ruhidagi elektron o‘yinlarni yaratish bo‘yicha bitim imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk shahridagi «Beltelekabel» kompaniyasida ham bo‘lib, muassasa faoliyati, xususan kabel-o‘tkazgich ishlab chiqarishning texnik parametrlari, uni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish jarayonlari bilan tanishib, Toshkent shahrida optik aloqa kabellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv chog‘ida hamkorlar 2017 yilning sentabr oyida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligiga rasman taklif etildilar.