Amerikaning Google kompaniyasi Google Maps xizmatida foydalanuvchi tiliga tarjima qilishni joriy qildi. Endilikda, mazkur xizmatdan foydalanuvchi qoldirilgan fikrlar, shaharlar, inshootlar va diqqatga sazovor joylar nomlarini o‘z tilida o‘qiy oladi. Bu haqda kompaniya blogida xabar qilinmoqda.
Google Maps xizmatidan tashqari, Google qidiruv xizmati orqali foydalanilganda ham qoldirilgan fikrlar tarjima qilinadi. Kompaniyaning izoh berishicha, yangilik foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan fikrlarni o‘z ona tilida o‘qishni qulaylashtiradi.
Avvallari, foydalanuvchilar qoldirgan fikrlardan nusxa ko‘chirib, tarjima qilish ilovasiga joylash talab etilardi. Endi esa, Google Maps fikrlar va ma'lumotlarni qurilma tizimidagi asosiy tilga o‘z-o‘zidan tarjima qiladi.
Shunday ekan, kelgusi safar uzoq yurtlarda bo‘lsangiz, shoshmasdan Google Maps va Google qidiruviga til bilan bog‘liq to‘siqlarni ishonib topshirsangiz bo‘ladi.
Google kompaniyasi 2016 yil kuzida tillarni avtomatik ravishda tarjima qilish uchun Google Neural Machine Translation System (GNMT) deb nomlangan yangi tizimni joriy qildi. U butun boshli gaplarni tarjima qilishda neyron tarmoqlaridan foydalanadi.
Umuman, neyrotarmoqlarga kiritigan tillar ro‘yxatiga ingliz, rus, fransuz, nemis, ispan, portugal, xitoy, yapon, koreys, turk, hindi va vetnam tillari kiritilgan.