«Biz poytaxtimizda o‘tkazilayotgan o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasiga bordik va barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Shuningdek, o‘zimiz nimaga qarab intilishimiz lozimligini ham tushunib yetdik», — deb yozadi Tojikistonning Asia-Plus media guruhi muxbirlar.
Dushanbe shahrida so‘nggi 25 yil ichida ilk bor O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi. Mamlakatimizdagi ko‘pchilik uchun bu juda kutilmagan hol bo‘ldi: odamlarimiz to‘satdan eng yaqin qo‘shnimiz mustaqillik yillarida nimalarga erishganidan voqif bo‘lishdi. Ko‘rishdi va oh tortib yuborishdi...
Ko‘rgazmaga sanoatning turli jabhalari — mashinasozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, oziq-ovqat, tekstil va boshqalariga doir 160 ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini ko‘rgazmaga keltirishgan.
Barcha mahsulotlar cheklangan miqdorda olib kirilgan — o‘zbek ishbilarmonlari o‘z eksponatlarini sotishni emas, Tojikistonda biznes-hamkorlar topishni maqsad qilishgan edi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimi boshlanishidan avval «Poytaxt-90» majmuasi oldi odamlarga to‘lib ketdi. Ko‘rgazmaga hattoki mamlakatning boshqa hududlaridan ham odamlar kelishgan ekan.
- Ko‘rgazma haqida eshitib, kechaning o‘zida Qumsangirdan o‘g‘limning poytaxtdagi uyiga mehmonga keldim, — deydi Murodillo bobo. – Fermer xo‘jaligimiz bor, farzandlarim bilan birga ishlaymiz. Men qo‘shnilarimizning qishloq xo‘jalik texnikasiga qiziqayapman.
- Narxlar kutganimdan arzonroq bo‘lib chiqdi — 4,5 ming dollar atrofida, — deydi Mahmadullo.
…Ko‘rgazma ochilishidan bir soat avval san'at ustalari ishtirokida konsert uyushtirildi, karnay-surnay sadolari ostida kimlardir raqsga ham tushib ketdi. Mana shunday bayramona muhitda Dushanbe o‘zbekistonlik mehmonlarni kutib oldi.
Tomosha qilishga arzigulik narsa ko‘p edi
Ko‘rgazmani ochar ekan, Tojikiston Respublikasi investitsiyalar va davlat mulklari qo‘mitasi raisi Fayziddin Qahhorzoda o‘tgan yilda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mahsulot aylanmasi 2015 yilga nisbatan 5,7 martaga oshib, qariyb 70 million dollarga yetganini aytib o‘tdi.
Tojik-o‘zbek munosabatlarining yangi bosqichi haqida O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov ham gapirib o‘tdi: «Biz ilk bor bunday katta desant — 400 dan ortiq kishi bilan Tojikistonga kelib, mustaqillik yillarida yaratishga erishgan narsalarimizni ko‘rsatmoqdamiz», — dedi u. Diplomatning qayd etishicha, o‘zbek ishbilarmonlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning kichik bir qismini keltirishgan. «Biz jahonda ishlab chiqarilayotgan har qanday narsani o‘zimizda hattoki yaxshiroq sifatda ishlab chiqara olishimizga amin bo‘lasizlar», — deya qo‘shimcha qildi u yana.
Haqiqatdan ham, bu yerda tomosha, havas va hasad qilishga arzigulik narsalar bisyor edi.
«Poytaxt-90» majmuasida «Made in Uzbekistan» yorliqli 1500 dan ortiq mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan ekan. Aniqlanishicha, mustaqillik yillarida qo‘shnilarimiz o‘z kuchlari bilan o‘nlab modeldagi zamonaviy televizorlar, smartfonlar, sovutgichlar, gaz plitalari, avtomobillar, avtobuslar, traktorlar, paxta terish kombaynlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishibdi! An'anaviy kosibchilik, yengil, tekstil, oziq-ovqat, parfyumeriya, farmatsevtika sanoati mahsulotlarini sanab o‘tirishga ham hojat yo‘q. Bularning barchasi yuqori sifat va arzon narxlarda taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda keng tarqalgani bejiz emas ekan. Endi navbat bizga ham yetganga o‘xshaydi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tojik ishbilarmonlari o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik bitimi imzolashga xohish bildirishgan.
So‘z — ko‘rgazma qatnashchilariga
Adhamjon Isomov, «O‘zbekneftgaz» milliy holding kompaniyasining tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi:
- Biz ikki kundan beri ko‘rgazmada qatnashayapmiz, yuqori darajadagi tashkilotchilik va xalqning chinakam qiziqishini alohida qayd etishim kerak. Bizning «O‘zbekneftgaz» kompaniyamiz — neft mahsulotlari va gaz ishlab chiqaradi. Biz geologik qidiruv, qazib olish va quduqlarni qazish bilan shug‘ullanishdan tortib, iste'molchini tayyor yoqilg‘i bilan ta'minlash bilan shug‘ullanamiz. Odamlar kelib, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga qiziqishlarini namoyish etishmoqda va juda yoqimli. Hozircha biz umumiy ma'lumotlar, kontaktlar to‘playapmiz, bozoringizni o‘rganayapmiz. Tojikiston bozorining salohiyati nafaqat bizning kompaniyamiz, bugun bu yerda ishtirok etayotgan O‘zbekistonning barcha firma va tashkilotlari uchun juda yuqori ekanligini juda yaxshi bilamiz.
Zafar Nuriddinov, Jurabek Laboratories Ltd kompaniyasi eksport bo‘yicha menejyeri:
- Kompaniyamizga 15 yil bo‘lgan. Biz yuqori sifatli, xavfsiz medikamentlar ishlab chiqaramiz. So‘nggi marta Tojikistonda 10 yil avval bo‘lganmiz. Munosabatlarimiz yomonlashganligi sababli bu bozorni tark etish juda qayg‘uli bo‘lgan. Endi esa biz qaytmoqdamiz va bu bizning ilk ko‘rgazmamiz. O‘zimiz bilan 100 dan ortiq mahsulot turini keltirganmiz. O‘zbekiston bozorida biz infuzion liniyalar va ampula preparatlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi hisoblanamiz. Biz ko‘rgazmada ishtirok etayoganimizdan xursandmiz, u juda dabdabali, juda ko‘plab kompaniyalar qatnashmoqda. Biz allaqachon Tojikistonning yirik ulgurji farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishga ulgurdik, ularning barchasi biz bilan hamkorlik qilish uchun tayyor. Umid qilamanki, bu uzoq muddatli hamkorlik bo‘ladi.
Mirshod Halimov, DeLuxe Fabric (Buxoro) firmasi direktori:
- Biz Buxoro va Urganchdan mahsulotlar olib keldik. Fabrikamizning bosh korpusi Buxoroda joylashgan, u yerda mahsulot ishlab chiqarilib, «Urganch-Baxmal» korxonasida bo‘yaladi. Tikuv sexi ham o‘sha yerda joylashgan. Dushanbega assrortimentimizning 500 dan ziyod turini olib keldik: ular choyshablar, ro‘mollar va hokazolardan iborat. Biz tojik ishbilarmonlari bilan uzoq hamkorlik qilishimizga ishonamiz. Ulgurji savdogarlar bilan shartnomalar imzolashni istaymiz. Bizga mahsulotlarimizni shu yerda sotadigan hamkorlar kerak. Biz muzokaralar olib bormoqdamiz, biroq bojxona yig‘imlari va soliqlar borasida kichik muammolar chiqayapti. Umid qilamizki, har ikki davlat rahbariyati bunga e'tibor qaratib, biznes yuritishni yanada yengil qilishadi. Kelajakda birgalikda ishlab chiqarish haqida o‘ylab ko‘rish ham mumkin.
Botir Umarov, Artel kompaniyasining eksportni rivojlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha menejyeri:
- Bu mening Dushanbega ikkinchi xizmat safarim. Ilk marta bu yerga o‘tgan yili kelgan edim. Bugungi ko‘rgazma meni chuqur taajjubga soldi, mahsulotlarimizga tojik xalqining bu qadar qiziqishini kutmagan edim. Aniqlanishicha, Tojikistonda ko‘pchilik allaqachon mahsulotlarimizdan foydalanar ekan. Biz bundan faxrlanamiz, albatta. Bizning kompaniyamiz sifatli maishiy texnikalar — sovutgichlar, kir yuvish mashinalari, pechlar, televizorlar ishlab chiqaradi. O‘zbekiston bo‘ylab 25 ta zavodimiz bor.
Biz allaqachon Xo‘jand va Dushanbeda ikki diler bilan shartnoma imzolab bo‘ldik. Biz uchun tojik bozori qiziqarli, biz bu yerdagi ishtirokimizni kengaytirmoqchimiz.
Nafisa Raximova, dushanbelik tadbirkor:
- Mening do‘konim bor va O‘zbekistondan matolar yetkazib beruvchini izlamoqdaman. Mahsulotlar juda sifatli. Erim asli samarqandlik. Agar viza rejimi yumshatilsa, biz jon deb shu shaharga borgan bo‘lar edik. Bugungi ko‘rgazma biz bir birimizni qanchalik sog‘inganimizni ko‘rsatib berdi! Qizim ham ko‘rgazmada ishtirok etmoqda, o‘zi ishlaydigan firma nomidan o‘zbek biznesmenlari bilan muzokara olib bormoqda. Bugun men uchun unutilmas bayram!
Ko‘rgazmadan keyingi o‘ylar
Dushanbeliklarda ko‘rgazmaga tashrif bir biriga zid hissiyotlar qoldirdi, ko‘pchilik uchun u haqiqiy syurpriz bo‘ldi. Bir tomondan odamlar o‘zbek mahsulotlarining sifatidan hayratga tushishdi, qo‘shnilarning mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan shunday yutuqlaridan xursand bo‘lishdi. Ikkinchi tomondan, ko‘rgazmaga tashrif odamlarda o‘zimizning iqtisodiy modelimiz bo‘yicha tabiiy savollarni vujudga keltirdi. Shu yillar ichida biz sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishdik? Bugun jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan qanday mahsulotni eksport qila olamiz?
Tushunarli, bizda fuqarolar urushi yuz bergan, xalq xo‘jaligini tiklashga uzoq yillar ketgan, bu omillarning barchasi taraqqiyotimiz sur'atlariga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmagan. Lekin urushdan so‘ng 20 yil o‘tdi-ku, shu yillar ichida nimalar qildik? Nimalarga erishdik? Qo‘shnilarimizning tajribasidan qanday xulosa chiqarishimiz mumkin?
Umid qilamizki, bunday savollarni nafaqat oddiy dushanbeliklar, balki mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi uchun mas'ul bo‘lganlar ham o‘zlariga berib ko‘rishadi.