Germaniyada ilk uchuvchi elektrokar sinovdan o‘tkazildi

Fan-texnika 21:52 / 21.04.2017 4609

Ko‘plab muhandis va tadbirkorlarga avtomobillarni havoga ko‘tarish orzusi tinchlik bermayapti. Bunday transport vositalaridan yaqin 5-10 yil ichida istalgan odam foydalana olishi dargumon bo‘lsa-da, biroq ba'zi kompaniyalar bu yo‘nalishda muayyan muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar. 

Shunday kompaniyalardan biri, Myunxendagi Lilium Aviation tarixda ilk vertikal ucha oluvchi ikki o‘rindiqli elektrokarni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi. 

40 dan ko‘proq dizayner, muhandis va shunchaki havaskorlardan iborat xalqaro jamoa The Lilium Jet deb nomlangan ushbu mashinani yaratish ustida bir necha yil ish olib bordi. Ushbu transport vositasi havoda 300 km/soat tezlik bilan ucha oladi. U 10 metrlik qanotlar qulochiga ega va 36 ta reaktiv dvigatel  bilan jihozlangan. Avtomobilni yaratishda yo‘lovchilar xavfsizligi va avtopilot tizimi yordamida avtonom parvoz qilish imkoniyatiga katta e'tibor qaratildi.  

"Bizning avtomobilda Tesla’dagidek batarey o‘rnatilgan. The Lilium Jet qanotlarining noodatiy tuzilishi va reaktiv dvigatellarining antiqa joylashishi evaziga boshqa uchuvchi vositalarga nisbatan samaraliroqdir. U juda ham kam energiya sarflaydi", deb aytdi kompaniya rahbari Patrik Naten.

Dastlab mashinani odamlar boshqarishi rejalashtirilmoqda.  Biroq yaqin kelajakda uni uchuvchisiz taksiga aylantirish mumkin. Kompaniyaning yaqin oradagi rejalarida 5 yo‘lovchini sig‘dira oladigan uchar elektrokar yaratish istagi bor. Lilium Aviation’ning barcha avtomobillari parashyutlar va xavfsiz parvozdan chetga chiqishning oldini oluvchi Flight Envelope Protection tizimi bilan jihozlanadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: