«O‘zavtosanoat» kompaniyasi Tojikistonga yengil avtomobillar yetkazish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bu haqda Tojikiston respublikasi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Xabar qilinishicha, «O‘zavtosanoat» kompaniyasi Tojikistonning «Lesinvest» va «Tajmotors» kompaniyalari bilan yengil avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. Shuningdek «Gayur» kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Shartnomalar qiymati noma'lum.
Hujjatlar Dushanbeda o‘z ishini yakunlayotgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida imzolandi. Ko‘rgazmada «O‘zavtosanoat» kompaniya korxonalari tomonidan ishlab chiqariluvchi 200 dan ortiq nomdagi mahsulotlarni namoyish etdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston va Tojikiston SSP o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv, TRANSNEFTEGAZ GLOBAL SERVIS va «Gayur» kompaniyasi o‘rtasida anglashuv va foydali qazilmalarni yetkazib berish bo‘yicha memorandumlar hamda boshqa qator bayonnomalar imzolandi.