Facebook “maxfiy bo‘limi” kompyuterni fikr yordamida boshqarishni ishlab chiqmoqda

Fan-texnika 10:36 / 20.04.2017 5527

Amerikaning Facebook korporatsiyasi kompyuterni fikr yordamida boshqarish bo‘yicha usullarni ishlab chiqmoqda. Bu haqda kompaniyaning tegishli tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Building 8 bo‘limi rahbari Regina Dugan chorshanba kuni ma'lum qildi.

Miyadan ekranga

"Siz fikrlaringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozsangiz nima bo‘ladi? Bu haqiqatdan yiroqdek tuyuladi, biroq bu yaqin orada amalga oshishi ehtimolga yaqin", - deya ta'kidlab o‘tdi u Facebook tomonidan Kaliforniyaning San-Xose shahrida tashkil etilgan F8 nomli anjuman vaqtida chiqish qilib. Xodimning ko‘rsatishicha, kompaniya yaqin vaqt ichida fikr kuchi yordamida daqiqasiga 100 ta so‘z yozish imkonini beruvchi tizimni yaratish niyatida.

Xususan, Facebook maxsus qurilmalar yordamida hech narsa gapirmay turgan inson miyasidagi nutq markazlari faolligini kuzatib borib, ma'lumotni kompyuterga yetkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Duganning ishontirishicha, kompaniya “tasodifiy kishilar fikrini o‘qiy oluvchi” tizimni ishlab chiqish niyatida emas.

"Buni shunday tasavvur qilish mumkin: siz ko‘p suratga olasiz, lekin hamma rasmlarni ham e'lon qilmaysiz. Fikrlar bilan ham xuddi shunday – ular ko‘p, lekin siz faqatgina ba'zilari bilan bo‘lishasiz", - deya aniqlik kiritib o‘tdi Facebook xodimi.

Dugan o‘z chiqishi davomida videoyozuvni ko‘rsatdi, unda falajlangan ayol fikr kuchi va maxsus implant yordamida kompyuterda so‘zlarni yozayotgani tasvirlangan. Building 8 rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda ushbu tizim daqiqasiga sakkizta so‘zni yozish imkoniga ega.

Teri bilan eshitish

Shuningdek, Duganning aytishicha, Facebook qulog‘i eshitmaydiganlarning tovushni qabul qilishiga imkon beruvchi texnologiyani ishlab chiqmoqda. Gap tovushni tebranish va boshqa signallarga o‘zgartirish usuli haqida ketmoqda, ular teri yordamida his etilishi mumkin.

Ko‘rsatilgan videoda gapira va ko‘ra olmaydigan erkakning Building 8’da yaratilgan qurilmalar yordamida muloqot qilayotgani tasvirlandi.

"Sizning teringizning umumiy maydoni ikki kvadrat metrga teng, bu murakkab asablar tizimi bo‘lib, ma'lumotni miyaga yetkazib beradi", - dedi Dugan. U Facebook tomonidan ishlab chiqilayotgan texnikani Brayl shriftining foydalanishi bilan taqqosladi.

Maxfiy bo‘lim

Dugan avval Google kompaniyasida katta salohiyatga ega ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limga rahbarlik qilgan, bundan oldin esa Pentagonning istiqbolli tadqiqot dasturlari Boshqarmasi direktori bo‘lib ishlagan. Building 8’ni tashkil etishda ko‘rsatilgan boshqarmada ishlash tajribasi hisobga olindi. Bo‘limda 60 kishi ishlaydi, ulardan ko‘pi avval boshqa yirik texnologiya kompaniyalari xodimlari bo‘lgan.

Facebook rahbari Mark Tsukerberg Building 8 tashkil etilishi haqida o‘tgan yilgi F8 anjumanida ma'lum qilgandi. Dastlab kompaniya bu bo‘lim xodimlari nima bilan shug‘ullanishini sir saqlab keldi hamda ular virtual reallik, sun'iy idrok va boshqa ilg‘or yo‘nalishlar bo‘yicha ishlanmalar yaratishini ta'kidlab keldi. Ba'zi OAV esa Building 8’ni Facebook’ning "maxfiy bo‘limi" deb atashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: