Londonning Skipping Rocks Lab startapi plastmassa idishlar, stakanlar, paketlar va baklashkalarning o‘rnini a'lo darajada bosa oluvchi kelajak upakovkasini yaratdi. Ooho deb nom olgan bu o‘ram ta'msiz qobiq bo‘lib, uni yeyish mumkin. Ta'kidlanishicha, u dengiz suvo‘tlari ekstraktidan tayyorlangan. Qobiq juda pishiq, ishlab chiqarilishi arzon, asosiysi mutlaq ekologik toza – uni nafaqat yoyish, balki tabiatga hech qanday zararsiz tashlab yuborish ham mumkin, u tezda parchalanib, yo‘q bo‘lib ketadi.
Qobiqni yaratish texnologiyasi ustida ikki yil ish olib borilgan. Hozirda uning yaratuvchilari qobiqni ishlab chiqarish usulini patentlashmoqda va o‘z ixtirolariga ko‘proq e'tibor jalb qilishga harakat qilishmoqda va investorlar qidirishmoqda. Ularning fikricha, yeyish mumkin bo‘lgan va arzon o‘ram plastik chiqindilar muammosini hal qilishi va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishi mumkin.
O‘ram ustidan uni himoyalovchi yana bir qobiq bo‘ladi. Uni tanovul qilib bo‘lmaydi.
Skipping Rocks Lab asoschilari o‘z mahsulotlari tasvirlangan videoroliklarni turli maydonchalarda namoyish qilishmoqda, turli ma'ruzalar bilan chiqishmoqda va shu yildayoq o‘ramning sinov partiyasini chiqarishmoqchi. Ooho turli ichimliklar va shirinliklar uchun ajoyib o‘ram bo‘lishi mumkin. Uning ustidagi himoya qobig‘ini olib, og‘izga solish kifoya qiladi.
250 millilitrlik sig‘imga ega qobiqning tannarxi taxminan 0,3 sentni tashkil qiladi va bu plastmassa idishlardan ancha arzonroq. Shuning uchun startap o‘z mahsuloti muvaffaqiyatiga shubhalanmayapti. Kompaniya bir necha yildan keyin qadoqlash sohasidagi TetraPak kabi yirik kompaniyalarga munosib raqobatchilik qilishga umid qilmoqda.