Eng yirik aloqa operatori Beeline Oraz Abdurazakov “Unitel” MChJ tashqi aloqalari va kommunikatsiyalari direktori lavozimiga tayinlangani haqida e'lon qildi.
Voqeani sharhlar ekan, “Unitel” MChJ bosh direktori Dmitriy Shukov shunday dedi: “Tashqi aloqalar va kommunikatsiyalar direksiyasi — biznesni rivojlantirishda korporativ kommunikatsiyalar muhimligi o‘sib borishini nazarga olgan holda, kompaniyani muhim auditoriyalar bilan o‘zaro aloqa qilish tizimini takomillashtirish doirasida joriy qilingan Beeline‘ning yangi bo‘limidir. Aynan Oraz Abdurazakov so‘nggi yillar mobaynida strategiyamizning kommunikatsion tarkibini yangi sifatli darajaga olib chiqdi, shuning uchun Unitel’ning yangilangan tashkiliy tizimida jamoatchilik bilan aloqalardan tashqari Beeline’ning ijtimoiy sarmoyalari bo‘limi va Government Relations bo‘yicha faoliyat uning rahbarligiga o‘tadi. Ishonamanki, Orazning ish qobiliyati va tajribasi kompaniya o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarishga yordam beradi”.
“Unitel” MChJ Tashqi aloqalar va kommunikatsiyalar direksiyasiga rahbarlik qilish bilan bir qatorda Oraz Abdurazakov “Buzton” QK bosh direktori lavozimini ham saqlab qoladi.
«VEON kompaniyalar guruhi transformatsiya bosqichiga o‘tmoqda, va bu nafaqat digital sohasiga yo‘naltirilgan biznesga o‘tishni, balki boshqaruv modelini zamonaviylashtirishni ham anglatadi, – deydi Dmitriy Shukov. – PR, GR va CSR-xizmatlarini birlashtirish nafaqat korporativ kommunikatsiyalarga bo‘lgan yondashuvni bir shaklga keltiradi, balki resurslarni oqilona taqsimlash va faoliyat samaradorligini oshirishga ko‘mak beradi».
Oraz Abdurazakov 1981 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. 2001 yili Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini «Reklama va jamoatchilik bilan aloqalar» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2005 yilda «Bosma OAV auditoriyasi monitoringi» mavzusidagi dissertatsiyani yoqlab O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika magistri darajasini olgan, 2014 yilda esa London School of Public Relations a'lo darajali diplomini qo‘lga kiritdi.
2001 yildan 2002 yilgacha korxonaning ichki va tashqi kommunikatsiyalariga javob berib «Algoritm» OAJ bosh direktorining yordamchisi bo‘lib ishlagan. Samsung Electronics, Fujitsu-Siemens va Roison Electronics bilan axborot hamkorlikni nazorat qilgan.
2002 yilda Oraz «Iqtisod va huquq Dunyosi nashriyot uyi» mediaxoldingiga qo‘shildi, u yerda «PressTIJ-TV» gazetasining muxbiridan bosh muharririgacha ko‘tarilgan. 2005 yilning avgust oyida «Iqtisod va huquq dunyosi» YoAJ NU direktor o‘rinbosari lavozimini egallagan. Uning mas'uliyatiga nashriyot faoliyatining ijodiy qismi, nashrdan avvalgi jarayonlarning nazorati va poligrafik ishlab chiqarish, shuningdek yangi bosma va onlayn-loyihalarni ishlash kirgan.
2008 yilda – Meran Media reklama agentligining bosh direktori. 2008 yilning 22 dekabr kunidan Oraz Abdurazakov O‘zbekistondagi Beeline’ning PR-yo‘nalishiga boshchilik qildi. 2014 yilning avgust oyidan “Buzton” QK bosh direktori lavozimi egallab kelmoqda.