Britaniyalik tadqiqotchilar jarohatlarning bitish jarayonini nazorat qiluvchi "aqlli" bandajlarni o‘ylab topishdi. Mutaxassislar yangi tibbiyot vositasining keyingi yilda bozorga chiqishiga umid qilishmoqda. The Telegraph nashri shu haqida xabar berdi.
Yangi bog‘lash vositasi qonning ivish jarayonini kuzatish, infeksiyalarni aniqlash va ma'lumotlarni tezkorlik bilan shifokorga yetkazish xususiyatiga ega sensorlar bilan ta'minlangan. Ishlab chiqaruvchilar bu shaxsiy tibbiyotni shakllantirish sari qo‘yilgan yana bir qadam deb hisoblashmoqda.
Shuningdek bandaj bemorning faolligi, oziqlanishi va sog‘lig‘iga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar haqida ma'lumotga ega bo‘lish uchun uning smartfoniga bog‘lanadi. Bandajlar 3D-printerlar yordamida ishlab chiqariladi.
Yangi bandajlar kelgusi 12 oy davomida Suonsidagi universitetda sinovdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, olimlar yana bir muammoni hal qilishlari kerak bo‘ladi: yangi texnologiyani ommaviy foydalanish uchun hamyonbop narxda bo‘lishini ta'minlash.