Monakoda AeroMobil uchar avtomobilining taqdimoti bo‘lib o‘tadi

Fan-texnika 22:34 / 15.04.2017 8996

1990 yildan boshlab seriyali ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan uchar avtomobilni yaratish ustida ishlab kelayotgan Slovakiyadagi AeroMobil kompaniyasi Top Marques Monaco 2017 ko‘rgazmasi doirasidagi avtoshouda AeroMobil 3.0 uchar mashinasini namoyish qiladi. Ko‘rgazma Monakoda 20-23 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi va ekstra sinfdagi avtomobillarni namoyish qilishga ixtisoslashgan. 

Uchar mashina taqdimotidan keyin istalgan odam ushbu avtomobil uchun buyurtma berishi mumkin. Ushbu noodatiy mashinaning narxi e'lon qilinmagan, biroq taxminlarcha, bir necha yuz ming dollar turishi mumkin.

AeroMobil 3.0 parvozi uchun 200 metrgacha uzunlikdagi uchish polosasi talab qilinadi hamda o‘tli qoplamaga ega aerodromlardan ham ucha oladi. Mashinada vertikal uchish ko‘zda tutilmagan. Mashinaning eni qanotlari ochilgan holatda 8,32 metrni, standart holatda esa 2,24 metrni tashkil qiladi. Avtomobil uzunligi 3,06 metr keladi. Ko‘rgazmada mashinaning ikki o‘rindiqli versiyasi namoyish qilinadi, kelgusida esa kompaniya mashinaning 4 o‘rindiqli variantini ishlab chiqarmoqchi.

AeroMobil 3.0 4 g‘ildirakli asosda loyihalangan. Uchar mashina karbondan tayyorlangan hamda juda yengil – 600 kg og‘irlikka ega. U 4 silindrli, 100 ot kuchi beruvchi Rotax 912S dvigateli bilan jihozlangan. Mashina havoda 200 km/soat tezlik bilan, yerda esa 160 km/soat tezlik bilan harakatlana oladi. Mashina havoga 130 km/soat tezlik bilan 200 metrlik polosadan ko‘tarila oladi. Mashinaning uchish uzoqligi 700 km ni, yerdagi yurish uzoqligi 875 km ni tashkil qiladi. Mashina qo‘nishi uchun 50 metrlik polosa kifoya qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: