Audi va Porsche kompaniyalari hamjihatlikda kelajak avtomobilini yaratish rejalari borligini e'lon qilishdi. Brendlar bigalikda elektrokarlar, haydovchisiz boshqariluvchi avtomobillar va raqamli texnologiyalar ustida ish olib borishadi.
Hozircha firmalarning kooperatsiyasi tafsilotlari juda kam. Faqat shunisi ma'lumki, yaqin oylar ichida tomonlar hamjihatlikning muayyan sohalarini kelishib olib, 2025 yilga bo‘lgan "yo‘l xaritasi"ni shakllantirib olishadi. Bo‘lajak modellarning umumiy arxitekturasi va tarkibiy qismlariga alohida e'tibor qaratiladi.
Audi boshqaruvi raisi Rupert Shtadler o‘z sharhida birgalikdagi loyihalar bilan kompaniyaning "eng yaxshi aql sohiblari" shug‘ullanishini ta'kidlab o‘tdi. Porsche boshqaruvi raichi Oliver Blyum esa brendlar farqlilikni saqlab qolishi lozimligini ta'kidlagan. «Porsche — bu har doim Porsche, keyin ham shunday bo‘lib qoladi», — degan Blyum.
Ilgariroq, Audi Xitoyning FAW kompaniyasi bilan kelishuvga erishgani ma'lum qilingan edi. Uzoq muddatli hamkorlik doirasida «Audi» FAW VW qo‘shma korxonasi quvvatlaridan foydalanib Xitoy bozori uchun gibrid modellari va elektrokarlar ishlab chiqaradi. Keyingi besh yil mobaynida FAW VW zavodida «Audi»ning besh yangi modeli mahalliy bozor uchun ishlab chiqarila boshlaydi.
O‘tgan yili Porsche yiliga Mission E kontsepti asosida ishlab chiqilgan 20 ming dona elektr modelini sotishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Seriyali versiyani ishlab chiqish uchun Porsche 700 million yevro sarflaydi. Shuningdek, elektrokarlar uchun tezda quvvatlovchi stansiyalar universal tarmog‘i ham yaratiladiki, ulardan nafaqat Porsche egalari, boshqa brendlarning avtomobillari ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Mission E seriyali modeli ishlab chiqarilishi 2020 yildan boshlanishi kutilmoqda.