Bugungi kunda smartfonlar bozorida keskin raqobat ketayotgani hech kimga sir emas. Ishlab chiqaruvchilar bor imkoniyatlaridan foydalangan holda savdo hajmini oshirishga hamda yetakchilar safidan o‘rin olishga urinmoqda. Smartfonlar bozorining bir yillik hajmi 420 mlrd dollarni tashkil etishi bu holatni izohlaydi. Ayniqsa, Xitoy va Hindistonda bu raqobat ancha jiddiyligini qayd etish mumkin. Aholi farovonligining o‘sishi hamda ayrim modellar narxining arzonlashuvi aholining ba'zi qatlamlariga smartfon xarid qilishlariga imkon bermoqda. Ishlab chiqaruvchilar aynan shunday xaridorlar uchun kurashmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi chorakda Xitoydagi smartfonlar savdosi 18,7 foizga o‘sib, 135,7 mln donani tashkil etgan. Bu natija mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faollashuvi bilan bir vaqtda kuzatilayapti. Ular o‘z mahsulotlarini reklama qilishga jiddiy e'tibor qaratishmoqda. Xususan, Xitoyning boshqa mamlakatlarda umuman tanilmagan Oppo brendi bozordagi o‘rnini 3 karra mustahkamlab, ilk marotaba yetakchiga aylandi va Huawei kompaniyasini ortda qoldirdi.
Xitoydagi smartfonlar savdosi
Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, iPhone savdolari tushib borayapti. Apple kompaniyasi mashhurligini yo‘qotib borayotganiga xaridorlarnig yubiley iPhone smartfoni chiqishini kutayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Qiziq jihati shundaki, kompaniya Xitoy bozoriga kirib kelganidan buyon ilk marotaba shunday pasayishni boshidan kechirmoqda. Buning sabablaridan biri mahalliy kompaniyalarning ishlab chiqaruvchilarga yaqinligi hamda smartfonlarga yangi funksiyalarni joriy qilayotanliklari ko‘rsatilmoqda. Shu yo‘l bilan ular Samsung va Apple kabi gigant kompaniyalarga bemalol maydon o‘qimoqda. Oppo va Vivo kompaniyalari savdosi kutilmagan sur'atlarda o‘smoqda.
Quyidagi raqamlar so‘nggi yilda Xitoy smartfonlar bozoridagi o‘sish sur'atlarini ko‘rsatadi:
Oppo: +133%;
Vivo: +103%;
Huawei: +30%;
Samsung: -3%;
Apple: -7%;
Boshqa brendlar: -10%.
Shunga ko‘ra, bir narsani ishonch bilan aytish mumkinki, Xitoy smartfon bozoridagi raqobat 2017 yilda yanada keskinlashadi. Mahalliy kompaniyalarning muvaffaqiyati esa, birinchi galda Apple kabi xorijiy kompaniyalarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.