Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova feysbukda Rossiya hukumati AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snoudenga Rossiyada yashash huquqini yana 2 yilga uzaytirib berganini ma'lum qildi.
"Eng kulgilisi, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbar o‘rinbosari Snoudenga Rossiyada yashash huquqi yana 2 yilga uzaytirib berilganidan bexabar", deb yozdi Zaxarova MRBning sobiq xodimi Maykl Morellning so‘zlariga javoban. Morell Rossiya Snoudenni AQSh hukumatiga topshirib, AQShning yangi prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasiga "ajoyib sovg‘a" qilishi mumkinligini aytgandi.
"Endi hammaga ayon bo‘ldiki, sizning idorangizda odamlarni sovg‘a qilish va himoya izlayotganlarni sotish oddiy holdir. Siz Rossiyani baribir tushunmabsiz, Maykl Morell", deb qo‘shimcha qilgan Zaxarova.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Snouden AQShga afv etilishi uchun zarur hujjatlarni yubormaganini ma'lum qilgandi.