Mashhur uchuvchisiz qurilmalarning aksariyati yengil bo‘lib, haddan tashqari og‘ir yuk tashishga mo‘ljallanmagan. Harbiy dronlar bundan istisno, albatta. Biroq Norvegiyaning Griff Aviation ishlab chiqaruvchisining Griff 300 droni - mutlaqo boshqacha. O‘z vazni 75 kg bo‘lishiga qaramay, u 225 kilogrammgacha yukni havoga ko‘tara oladi. Bu haqida newatlas.com saytida xabar berildi.
Qurilmadan baland inshootlarga xizmat ko‘rsatish, o‘rmon yong‘inlari bilan kurashish va qidiruv-qutqaruv ishlarida foydalanish mumkin. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchining ishontirishicha, dron - kamshovqin. Shu bois u milliy parklar hududlarida va qo‘riqxonalarda uchishi mumkin. Yevropa parvozlar xavfsizligi agentligi (EASA) va Fuqarolar aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) dron ekspluatatsiyasiga ruxsat bergan.
Yuk droni oktokopterlar toifasiga kiradi. Uning harakatlanishiga shaxsiy elektromotorlari bo‘lgan 8 propeller mas'uldir. O‘rnatilgan akkumulyator 30-45 daqiqali parvozlarga yetadi, bu yukning og‘irligi va parvoz rejimiga ham bog‘liq. Griff 300 radioto‘lqinli pult orqali boshqariladi.
Shuni ta'kidlash joizki, Griff 300 odam tashishga mo‘ljallanmagan, lekin ishlab chiqaruvchi kelajakda 800 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladigan, yo‘lovchilar kabinasiga ega Griff 800 uchuvchisiz transport qurilmasini yaratishni rejalashtirmoqda. Yangi dronning qachon namoyish etilishi va uning bahosiga oid ma'lumotlar berilmagan.