Barselonada qimmatbaho zargarlik buyumlarini o‘g‘rilash bilan shug‘ullanadigan "Pushti panteralar" guruhining 5 a'zosi qo‘lga olindi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
Ispaniya politsiyasi jinoyatchilarni 5 avgustda ular zargarlik do‘konini tunagandan keyin qo‘lga olgan. Jinoyatchilar bir daqiqadan kamroq vaqt ichida do‘kondan 400 ming yevrolik zargarlik buyumlarini olib chiqib ketishgan.
Jinoyatchilarning barchasi serb millatiga mansub.
Ta'kidlanishicha, o‘g‘rilar qo‘lga olinishidan oldinroq Germaniya politsiyasi ispaniyalik hamkasblarini o‘g‘rilardan biri Belgraddan Barselonaga o‘tganini ma'lum qilgan.
Interpol saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 1999 yildan 2015 yilgacha "Pushti panteralar" umumiy hisobda 334 mln yevrolik zargarlik buyumlarini o‘g‘rilashgan. Ular jami 380 ta do‘konga qurolli bosqinchilik uyushtirgan.
"Vikipediya"dagi ma'lumotga ko‘ra, xalqaro jinoiy to‘daga bunday nomni shunday nomdagi komedik filmga monand Interpol bergan. Jinoiy to‘daga Bosniya, Xorvatiya, Makedoniya, Chernogoriya va serbiyaliklar kiradi. Ular Shveytsariya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Monako, Lixtenshteyn va BAAdagi o‘g‘riliklarda gumon qilinib kelinadilar.
Ma'lumot uchun, "Pushti pantera" filmi Yaqin Sharq mamlakatlaridan biri podshohining qiziga tegishli "Pushti pantera" nomli olmosning o‘g‘rilanishi haqidagi komedik film bo‘lib, 1963 yilda suratga olingan.