Sankt-Peterburgda migrantlar uchun patent narxi 30 foizga oshadi

Jahon 21:13 1269

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri parlamenti migrantlar uchun mehnat patenti narxini hisoblashda qo‘llanadigan koeffitsiyentni oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Shahar merining Qonunchilik assambleyasidagi vakili Konstantin Suxenko tashabbus haqida «Kommersant»ga batafsil gapirib berdi.

Endi Ozarboyjon, O‘zbekiston, Tojikiston va Moldova fuqarolari olishi kerak bo‘lgan mehnat patentining narxi 30 foizga oshib, 6 ming rublga yetishi mumkin. Hozir patent uchun 4,6 ming rubl to‘lash kerak, 1,597 koeffitsiyentda.

Migrantlar uchun mehnat patentining narxi uchta parametrni qo‘llagan holda hisoblanadi: qat’iy belgilangan avans to‘lovi miqdori (1200 rubl), Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan belgilanadigan deflyator koeffitsiyenti (2024 yilda 2,4) va mintaqalarning har biri mustaqil ravishda belgilaydigan koeffitsiyent.

Konstantin Suxenko so‘zlariga ko‘ra, Sankt-Peterburg ma’muriyati mintaqaviy koeffitsiyentni 1,93 miqdorida belgilashni taklif qilmoqda. Bu Sankt-Peterburg hududida mehnat patentining oylik qiymatini 6 ming rubl bo‘lishini ta’minlaydi. Unga ko‘ra, patent uchun xuddi shunday narx Leningrad viloyatida ham o‘rnatiladi.

Tashabbus deyarli bir ovozdan qabul qilingan: 46 deputat uni yoqlagan, ikki nafari qarshi ovoz bergan. Qonun qachondan kuchga kirishi haqida xabarda ma’lumot berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: