Ukraina Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun birinchi marta Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalandi. Bu haqda The Guardian va Bloomberg manbalariga tayanib xabar berdi.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibi bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
Telegraph nashrining aniqlik kiritishicha, Kursk oblastidagi Maryino qishlog‘i aholisi Storm Shadow raketasi parchalarini topgan. Ularning fotosuratlari, xususan, rossiyaparast «Dva mayora» telegram kanali tomonidan e’lon qilingan.
20 noyabr kuni tushdan keyin Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnov havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning ikkita raketasini urib tushirganini ma’lum qildi. U raketalar turiga aniqlik kiritmadi. «Dva mayora» telegram kanali Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblasti yo‘nalishi bo‘yicha 12 tagacha Storm Shadow raketalarini otganini da’vo qilmoqda.
20 noyabr kuni chop etilgan The Times gazetasining yozishicha, Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori martabali manbalar Ukrainaning Rossiyaga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga oid AQSh cheklovlari olib tashlanganiga «ishora qilgan».
Avvalroq, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari bilan Bryansk oblastidagi harbiy obektga zarba yo‘llagani haqida xabar bergan edi. Ukraina tomoni bu xabarni tasdiqlamadi, ammo prezident Volodimir Zelenskiy o‘z Qurolli kuchlarida bunday raketa borligini va undan foydalanishi mumkinligini aytdi.