Toshkentda salbiy ekologik oqibatlarning oldini olish maqsadida davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan 55 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektining bir qismi atrof-muhitga salbiy ta'sir o‘tkazishi aniqlangan. Bugungi kunga qadar ularning 8 mingga yaqini ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan yetti oyida 1 ming 200 dan ziyod tadbirkorlik sub'yekti ekspertizadan o‘tkazilgan.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga asosan mo‘ljallanayotgan xo‘jalik va boshqa turdagi faoliyatni amalga oshirishdan oldin bunday faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash majburiyligi, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillari, uning obektlari va turlari kabi masalalar yuzasidan tushunchalar berildi.