GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Ravon R2 avtomobillarini Qozog‘istonda sotishni boshladi.
Manba xabarida aytilishicha, 25 iyul kuni avtoulovlarning bir qismi Olma-otaga yetkazilgan.
3 avgustda Ravon R2 avtomobillarining ikkinchi partiyasi Rossiya bozoriga yetkaziladi.
Undan tashqari, yangi Nexia R3 ham Rossiya bozoriga yetkazib beriladi.
General Motors avtomobillari ichida R3 «Era-Glonass» (avariyali vaziyatlarda favqulodda javob qaytarish tizimi) moduli sertifikatiga ega bo‘lgan birinchi model bo‘ldi.
Rossiyaga may oyida avtomobillarni yetkazib berishdagi tajribalar hisobga olingan holda kompaniya logistika va yetkazib berishni takomillashtirish uchun bir qator choralarni qo‘lladi, deyiladi xabarda.
Yil davomida GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi MDHning boshqa yetakchi bozorlarida ham Ravon brendining dilerlik tarmoqlarini kengaytirish ishlarini davom ettiradi. Jumladan, avgustda brendning Ukrainadagi taqdimoti o‘tkaziladi.