Yaponiya imperatori Akixito 8-avgust kuni xalqiga telemurojaat qiladi. U, taxtni vorisiga topshirish haqida so‘z yuritishi mumkin, deb xabar qilmoqda Kiodo agentligi.
Iyul oyida NHK telekanali xabar qilganidek, amaldagi monarx taxtni voris shahzodaga hayotlik chog‘ida topshirishni xohlamoqda. Bu xabar yapon jamoatchiligida portlagan bombadek, shov-shuvga aylandi. Shu paytga qadar, mamlakat tarixidagi imperatorlarning hech biri tiriklik chog‘ida bunday ishga qo‘l urmagan edi. Shu bilan birga, mamlakat zamonaviy qonunchiligida ham bu haqda so‘z yuritilmagan. Ayni vaqtda, Yaponiya fuqarolari 82 yoshli monarxning xohish-istagini ham to‘g‘ri qabul qilishmoqda.
Hozirda, taxt vorisligi navbatida imperatorning katta o‘g‘li shahzoda Naruxito birinchi hisoblanadi. Akixitoning yagona qizi malika Aiko ayolligi bois, da'vogarlik qila olmaydi. Shu bois, Naruxitoning ukasi shahzoda Akisino Fumito ikkinchi vorisdir. Fumito shuningdek, imperatorlik oilasining uchinchi yagona vorisi 10 yoshli Xisaxitoning otasi hamdir.
Hozircha, yetakchi yapon siyosatchilari monarxning o‘zidan eshitmaguncha, bu xabarga izoh berishni ma'qul ko‘rishmayapti.