Bir paytlar Ortiq Sultonov hamda Zokir Ochildiyev ishtirokidagi “Handalak” ko‘plab xanda ishtiyoqmandlarining sevimli dasturiga aylangan edi. Bugungi kunda esa “Handalak”ning sobiq ijodkorlari alohida izlanib, har ikki san'atkor ham ijod borasida o‘ziga yarasha yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, qiziqchi Ortiq Sultonov komediya janridagi teleserialga qo‘l urdi. Quyida serial tafsilotlari hamda “Handalak”ning efirga uzatilmay qo‘yganligi sabablari haqida...
“Handalak” teledasturi bosh qahramonlaridan biri Ortiq Sultonovning rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan hamkorlikda suratga olgan yangi, komediya janridagi seriali “Bobomning xazinasi” deya nomlanib, ushbu hajviy serial ikki fasldan iborat. Serialning g‘oya muallifi Ortiq Sultonov. Unda bosh rollarda Ortiq Sultonov hamda qiziqchi Valijon Shamshiyev namoyon bo‘lib, Valijon Shamshiyev Ortiq Sultonovning qo‘shnisi rolini ijro etadi. Muallif Ismoil Shomurodovning “Bobomning xazinasi” asari o‘tgan yilning kuz oylarida suratga olinganligi bois, joriy yilning kuz mavsumida tomoshabinlar e'tiboriga havola etish mo‘ljallangan.
Bosh qahramon Ortiq Sultonov serial mazmuni va suratga olish jarayonlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi:
- Hayotiy voqealarga asoslanib yozilgan “Bobomning xazinasi” asari yozuvchi Ismoil Shomurodov qalamiga mansub bo‘lib, 10 yil davom etgan ijodiy hamkorligimiz asosida bunyodga keldi. Ungacha 10 yil ichida yozuvchi meni taklifimga binoan ko‘plab asarlarni yozdi. Ammo o‘qiladigan asar bilan teleekran orqali namoyish etiladigan asarning bir oz farqi bo‘lganligi bois, “Bobomning xazinasi” asari yaratilishi ham bir oz vaqt talab etdi. Suratga olish jarayonlari qizg‘in kechdi. Serialning birinchi faslida men va Valijon Shamshiyev ilk marotaba partnyor bo‘lib rol ijro etdik. Rol taqsimotida yurtimizning ko‘zga ko‘ringan aktyorlari ham rol ijro etishi ko‘zda tutilgan edi. Afsuski, ayrim aktyorlarning mashhur bo‘lib olgach, o‘zidan “buyuk aktyor yasab olgan”ligi bois men bu taklifga qarshi chiqdim. Chunki bunday aktyorlar o‘ziga yuqori bino qo‘yganligi tufayli, o‘ziga yarasha hurmat talab etadi, rol tanlaydi. San'at esa buni ko‘tarmaydi! Oqibatda ko‘plab yaratilayotgan asarlarimizda kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoladi. Shu bois serialga hali mashhur bo‘lishga ulgurmagan, jumladan, viloyatlarda yashab ijod qilayotgan iste'dodli aktyorlarni jalb etdik. Maqsadimiz ana shu qiyofalarni kashf etish, elga tanitish, ularning ochilmagan qirralarini kashf etib, xalqqa madaniy hordiq, estetik zavq beradigan, yuziga bir chimdim kulgu ulashib, kayfiyatini ko‘taradigan asarni taqdim etish...
- Serial mazmuniga qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz...
- Serialda bosh qahramonning rahmatlik bobosidan bir sandiq me'ros bo‘lib qoladi. Sandiqning ichida xazina berkitilgan bo‘lib, serial bosh qahramoni uni topishga harakat qiladi. Bosh qahramon sandiqni izlab, hovlisidan topolmaydi. Sababi, xazina qo‘shnisining hovlisida, to‘qqiz qadam ichkarida berkitilgan bo‘ladi. Bir amallab xazinani qo‘lga kiritgach, uni ochib, ichida kitob berkitilganligini ko‘radi. Kitobning noyobligi shundaki, unda yurtimiz tarixiga oid ko‘plab ochilmagan sirlar qayd etilgan bo‘ladi... Xullas, serialdagi voqealar ketma-ketligi kulgu, komedik kadrlar orqali ochib berilgan bo‘lib, tomoshabinlarga manzur bo‘ladi degan umiddamiz.
- “Handalak” dasturi nega to‘satdan efirga uzatilmay qo‘ydi? Ko‘pchilik dasturning namoyish etilmay qo‘yganligi siz va Zokir Ochildiyev o‘rtasidagi murosasizlik sabab, degan fikrda.
- Bu gap-so‘zlar quruq mish-mishlarning o‘zi xalos. “Handalak” efirga uzatilmay qo‘yganligining sababi dasturning efirdagi muddati tugagani edi. Har qanday dasturning efirdagi muddati o‘n yil hisoblanadi-da. Sababi, shu... Qolaversa, ijodiy tanaffusdan so‘ng bo‘sh o‘tirganimiz yo‘q, kino, kliplar suratga olyapmiz. Ijodkor do‘stlar bilan birgalikda yaratgan ijodiy namunalarimizning ba'zilari omadli chiqib qoladi, ba'zisi yo‘q. Shu tarzda ijodiy izlanishni davom ettirib kelyapman.
- Orangizdagi munosabat haqida tarqalgan gap-so‘zlar mish-mish deyapsiz, biroq “Bobomning xazinasi” serialiga partnyor sifatida Zokir Ochildiyevni taklif etishingiz ham mumkin edi...
- Aslida ham serialga Valining o‘rniga Zokir o‘ynashi kerak edi. Ammo “Yoshlar” telekanali rahbariyati – agar bu serialda ham Ortiq va Zokir chiqadigan bo‘lsa, tomoshabinlar chalg‘ib qoladi, ekranda “Handalak” bo‘lyapdi, deb o‘ylashadi, degan fikrda ushbu taklif rad etildi. Shuningdek, bosh rolga “Qah-qaha” bosh qahramoni Tohir Rahimov ham taklif etilgan edi. Ammo Tohir Rahimov boshqa ijodiy ishlar bilan band bo‘lganligi bois, o‘ylab-o‘ylab Valijon Shamshiyevning bosh rolni ijro etishi masalasida to‘xtadik. So‘ng ssenariydagi Valijonga atalgan voqealar boshidan oxirigacha o‘zgartirildi. Valining faqat karate sporti bilan shug‘ullanishi sahnasini saqlab qolinib, uni serialda butunlay boshqa qiyofada, shoirtabiat qo‘shni timsolida kashf etishga urindik. O‘ylaymizki, birgalikdagi ijod mahsulimiz kuz mavsumida namoyish etilib, xalqimiz uchun maroqli serialga aylanib qoladi.
- Ungacha bo‘sh o‘tirmasangiz kerak?
- Ayni damda serialning ikkinchi faslini suratga olishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Chunki birinchi faslda bir biriga qarshi bo‘lgan ikki bosh qahramon oxirida quda bo‘lib, serial to‘y bilan yakun topadi. Ikkinchi faslda to‘ydan keyingi mash-mashalar kulgu tarzida ochib beriladi.
Mohichehra EShMIRZAYeVA suhbatlashdi