Shveytsariya terma jamoasi futbolchisi, yangi mavsumda Londonning «Arsenal» jamoasida o‘ynay boshlaydigan Granit Chaka yangi jamoadoshlari qarshisida alban tilida qo‘shiq kuylab berdi.
Bu ko‘plab ingliz jamoalaridagi an'ana doirasida ro‘y berdi: Angliyadagi klublarning futbolchilari jamoaning yangi a'zosi o‘zlariga qo‘shiq kuylab berishini istashadi. 23-yoshli Chaka "kanonirlar" jamoasi futbolchilarini alban tilidagi qo‘shiq bilan xushnud qilgan. Bu holat videosini «Arsenal» darvozabonlaridan biri Damian Martines o‘zining Instagramdagi sahifasiga joylashtirgan.
Unda bu qo‘shiq barchadan ham ko‘ra ko‘proq kosta-rikalik hujumchi Hoel Kempbellga yoqqanini ko‘rish mumkin.
Kelib chiqishiga ko‘ra alban bo‘lgan Granit Chaka shu yilning mayida Menxengladbaxning «Borussiya» jamoasidan 30 mln funt evaziga «Arsenal»ga o‘tgandi.