Ayol rahbarlarning erlari nima bilan shug‘ullanishadi?

Jamiyat 16:12 / 28.07.2016 21413

Hillari Klinton Demokratik partiyadan Amerika prezidentligiga nomzod sifatida rasman tasdiqlandi, shu munosabat bilan o‘tkazilgan partiya s'yezdida uning turmush o‘rtog‘i  - AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton nutq so‘zladi. 8 yil davomida Qo‘shma Shtatlarni boshqargan Klinton bu ishning mas'uliyatini yaxshi biladi, lekin bu safar u tashkilotchilar tomonidan “birinchi raqamli xonimlar” uchun ajratiladigan bo‘limda ishtirok etdi. Demokratlar yetakchisining turmush o‘rtog‘i – yangi tarix davomida - ham davlat rahbari, ham “birinchi raqamli jyentlmen” bo‘lishga muvaffaq bo‘ladigan ikkinchi shaxs hisoblanadi. 

The Washington Post ma'lumotlariga ko‘ra, Bill Klinton prezident lavozimini tark etganidan so‘ng jamoat joylaridagi ishtiroki va ma'ruzalari bilan, shuningdek  kitoblar nashridan 100 million dollardan ortiq pul ishlab oldi. Uning bir martalik ishtirok uchun gonorari 300 ming dollargacha yetishi mumkin. Hillari Klinton Amerikadagi saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda, uning turmush o‘rtog‘iga talab yanada ortadi. Siyosiy maydondagi boshqa ayol rahbarlarning erlari esa odatda nisbatan kamtarona hayot kechirishadi. Bugun biz “birinchi jyentlmenlar”ning qanday yashashi va ularning nima bilan shug‘ullanishiga oid ma'lumotlarni sizning diqqatingizga havola etamiz. 

 

Opera fantomi

Nemis kvant kimyogari, professor Yoaxim Zauer – juda band kishi. U hattoki rasman “birinchi raqamli er” bo‘lgan kuni ham turmush o‘rtog‘i Angela Merkel qasamyod keltirayotgan bundestagda emas, o‘zining Gumboldt nomli Berlin universitetidagi ish xonasida o‘tkazgan. 

“Ikkimiz ham o‘z ishimiz bilan bandmiz. Men uy bekasi emasman, u ham uyda o‘tirmaydi”, - deydi Merkel “Bunte” jurnaliga bergan intervyusida. Zauer jamoat joylarni chetlab o‘tadi: bu juftlikni birinchi marta Bayroytdagi Vagner festivalida birga ko‘rishgan, shu bois kanslerning tutqich bermas eriga “opera fantomi” degan nom berilgan. Professor juda kamdan-kam intervyu beradi, ayniqsa jurnalistlarning savollari uning kasbiga oid bo‘lmasa. 

Yoaxim Zauer salmoqli akademik karera qurgan: u  Gumboldt universitetining kimyo fakultetini tugatgan, 25 yoshida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan va 11 yildan so‘ng professor bo‘lgan. Uning tadqiqotlari fanning ba'zi katalizatorlar faoliyati va tuzilishiga oid tasavvurlarini yaxshilash imkonini berdi va buning natijasida kimyogarni dunyo tan oldi. 

Shunga qaramay, “birinchi jyentlmen” maqomi qurbonliklarni talab qiladi. 2008 yilda kimyogar o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan - NATO mamlakatlari yetakchilarining xotinlariga mo‘ljallangan dastur rahbari sifatida qatnashdi.  Olim sifatida esa, Zauer hamrohlik dasturi terminologiyasini o‘zgartirdi – u tufayli davlat rahbarlari turmush o‘rtoqlarining uchrashuvi dasturi faqat “ayollar” tushunchasidan “hamkorlar”ga aylandi. 

Angela Markelning eri o‘zini ilm-fanga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘iga yordam berishga ham harakat qiladi. Ba'zan Zauer xotini ishtirokidagi ma'ruzalarni ko‘rib, turli tadbirlarda kanslerning  imo-ishoralari, harakatlariga tanqidiy yondashadi, masalan, uning nutqlari davomida “ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga ko‘targani”ni qoralaydi. 

 

Prezidentlar juftligi

“Birinchi jyentlmen” maqomida bo‘lgan ilk mamlakat prezidenti  - argentinalik Nestor Kirshner. 2007 yilda “Kasa Rosada” (“Pushti uy”) saroyida oilaviy almashinuv ro‘y berdi: Arnetinaning 54-prezidenti o‘rnini uning xotini Kristina Fernandes Kirshner egalladi. “Sobiq” yorlig‘ini olgan Kirshner siyosiy sahnada muhim shaxsligicha qoldi: 2008-2009 yillarda u hukmron Xustisialistik partiya (Partido Justicialista, PJ) yetakchisiga aylandi va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. 

Kirshnerning ta'siri shunchalik kuchli ediki, argentinalik jurnalistlar hattoki “prezidentlar juftligi” atamasini o‘ylab topishdi. Shuningdek siyosatchiga xalqaro maydonda ham talab katta bo‘lgan: 2007 yilning yanvarida Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozining iltimosiga binoan, Kirshner kolumbiyalik siyosatchi Ingrid Betankurning ozod qilinishiga doir muzokaralarda ishtirok etgan.

2009 yilda xustialistlar saylovlarda mag‘lub bo‘lishdi va Kirshner ichki sahnadan ketib, Janubiy Amerika millatlar ittifoqining bosh kotibi lavozimini egalladi. U ortiga qaytib, prezidentlik saylovlarida yana bir bor qatnashishni rejalashtirgan edi, biroq 2010 yilning 27 oktabrida yurak sohasidagi jiddiy muammolar tufayli shifoxonaga yotqizildi. Kirshner o‘sha kunning o‘zidayoq hayotdan ko‘z yumdi. 

 

Kamtarin moliyachi

Yaqindagina Buyuk Britaniya bosh vaziri etib tayinlangan Tereza Meyning turmush o‘rtog‘i Filip hayotining katta qismini moliyaviy ishlar bilan shug‘ullanib o‘tkazgan. Mey 1979-1983 yillar davomida  Zoete & Beven firmasida birja brokeri bo‘lib ishlagan. Keyinchalik u Prudential kompaniyasida nafaqa jamg‘armasining aktivlarini boshqarib, taniqli investmenejyerga aylandi. 2005 yildan bugungi kungacha Capital Group’da mijozlar bilan ishlovchi menejyer sifatida faoliyat yuritadi. 

Filip Mey katta pullarni boshqaruvchi kiborli treyderlarga umuman o‘xshamaydi. The Guardian nashrining ma'lum qilishicha, u turmush o‘rtog‘i kabi kamtarin hayot kechirishni ma'qul ko‘radi. 

Britaniyalik jurnalistlarning xabar qilishicha, 58 yoshli Filip Mey turmush o‘rtog‘i Terezaning foydasiga o‘zining siyosiy ambitsiyalaridan voz kechganiga ancha bo‘lgan. 

 

Temir jyentlmen

Buyuk Britaniyaning “temir xonim”i Margaret Tetcherning turmush o‘rtog‘i Denis hali xotini bilan tanishmay turib, o‘ziga yarasha nom qozongan. Ikkinchi jahon urushidan Britaniya imperiyasi ordenining kavaler unvoni bilan qaytgan Denis Atlas kompaniyasining bosh direktori lavozimini egallagan. U rahbarlik qilgan firmasini xalqaro miqyosga olib chiqdi va 1965 yilda uni Burmah kompaniyasi sotib oldi. Tetcherning o‘zi esa direktorlar kengashi a'zosiga aylandi. 

Margaret Tetcher bosh vazir lavozimiga o‘tirganidan keyin u turmush o‘rtog‘iga iqtisodiy va siyosiy masalalarda yordam bergan, xorijiy safarlarda unga hamrohlik qilgan, ijtimoiy va xayriya sohasidagi vazifalarini ko‘pincha zimdan amalga oshirgan, zero u omma e'tiborini xushlamagan va jurnalistlarga intervyu bermagan. 

Ko‘proq yangiliklar: