Twitter kompaniyasi Vine videoxizmatidagi kamchilik uchun hindistonlik tadqiqotchiga 10 ming dollar mukofot puli to‘ladi. Bu haqda Mashable portali xabar bermoqda.
Avinash Singx ismli xaker Twitter’ga Vine xavfsizligidagi kamchilik haqida mart oyidayoq xabar bergan. Xususan, u videoxizmatning dastlabki kodlari va API-kalitlarga ega bo‘la olgan. Bu ma'lumotlar xakerga xizmatning to‘laqonli nusxasini yaratishga imkon berdi. Bu nusxadan esa jinoyatchilar fishing uchun foydalanishlari mumkin edi.
Kompaniya kamchiliklarni bartaraf etgach, Singxga HackerOne startapi orqali mukofot pulini to‘lagan.
Bundan tashqari, hind Censys.io tizimi yordamida Twitter’da 15 ta xato topganini ma'lum qilgan. U mediafayllarni himoyalanmagan uzatish va Android-dasturlarda login va parollarni saqlashga taalluqli bo‘lgan kamchiliklarni topa olgan. Kompaniya bu kamchiliklar uchun ham Singxni "quruq qo‘ymagan".