Qashqadaryoda bozor munosabatlari talablari va sharoitlariga javob beradigan ishlab chiqarishga oid mehnat muhofazasini ta'minlash, shu asosda barcha mulkchilik shaklidagi korxonalarda mehnat qiladigan ishchilar va ishlab chiqarish usullarini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘tgan davr mobaynida Zevardi, O‘rtabuloq, Dengizko‘l, Pomuq, Kultak, Sho‘rtan, Ko‘kdumaloq kabi 120 neft va gaz konlari ochilib, foydalanishga topshirildi. 1999 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham gaz sanoati rivojlanib, “Ustyurtgaz” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. So‘nggi yillarda hududda bir qancha istiqbolli gaz konlarining ochilishi va ayni kunlarda ularning aksariyati ishga tushirilgani sohadagi izlanishlar samarasidir.
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibidagi kompaniya, korxona va tashkilotlarda 126 mingdan ortiq xodimlar hayoti va salomatligi muhofazasi ta'minlangan. Ishlab chiqarish obektlarida xodimlar uchun qulay mehnat sharoiti yaratilgan. Jumladan, murakkab cho‘l sharoitida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga maxsus kiyim, poyabzal va shaxsiy hamda umumiy himoya vositalari, uch mahal issiq ovqat, barcha qulaylikka ega vagon-uylar, ma'naviyat burchaklari tashkil etilgan. 4 tibbiy sihatgoh, 15 bolalar dam olish maskani, bitta sog‘lomlashtirish sanatoriyasi, 2 salomatlik-profilaktoriya oromgohi ishchi va xizmatchilar ixtiyorida.
“Sho‘rtangazkimyo” majmuasida 928 xodimdan iborat ko‘ngilli yong‘in o‘chirish, 469 xodimdan tashkil topgan ko‘ngilli gazdan qutqarish guruhlari tuzilgan. Bundan tashqari, joriy yilda majmuaga kelgan mehmonlar va tashkilotlar xodimlariga kirish yo‘riqnomalari tushuntirildi. Ularning 140 nafari amaliyot o‘tovchilar bo‘lib, ularga amaliyot davrida xavfsizlik qoidalari bo‘yicha o‘qitish ishlari olib borildi.
Tadbir yakunida baxtsiz hodisalar va ularning bartaraf etilishi bo‘yicha hujjatli film namoyish etildi.