Bankdan dollar olib beraman deb odamlarni chuv tushirgan firibgarning payi qirqildi

Jamiyat 10:20 / 26.07.2016 7281

Ollobergan (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ikki marotaba firibgarlik jinoyatini sodir etib, o‘ziga tegishli jazolarni oldi. Ammo u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Va yana jinoyatga qo‘l urdi.

Kunlarning birida Ollobergan Toshkentdan Angren shahrida yashovchi qarindoshinikiga mehmonga bordi. Besh kun u yerda bo‘lib, so‘ng poytaxtga qaytmoqchi bo‘ldi. Yo‘l bo‘yida taksi kutdi.

Xuddi shu kuni angrenlik Abdulatif ham o‘zining “Neksiya” mashinasida shaxsiy ishlari bilan Toshkentga borish uchun yo‘lga chiqqandi. Yo‘l yoqasida taksi to‘xtatayotgan yigirma besh yoshlardagi yigitning yoniga borib, mashinasini to‘xtatdi.

— Qayerga bormoqchisiz?  —  deb so‘radi undan Abdulatif.
— Yo‘lingiz Toshkent tomonga bo‘lsa, meni ham olib keting, — dedi Ollobergan.
— Mashinaga o‘tiring.

Ular yo‘lma-yo‘l gaplashib ketishdi.

— Ismim Ollobergan, —  deya o‘zini tanishtirdi yo‘lovchi. — Mirzo Ulug‘bek tumanida yashayman. Ilgari bank sohasida ishlaganman. Bankdan har oyda davlat narxida 2.000 AQSh dollari olib turaman. Agarda shu sohasida biror-bir yordam kerak bo‘lsa, tortinmay aytavering. Yordam beraman. Manavi telefon raqamim, — deya unga bir qog‘ozchani uzatdi.
— Sotib olgan mashinamdan qarzim bor. Bu qarzni AQSh dollarida uzishim zarur. Menga 600 AQSh dollari kerak. Yordam bera olasizmi? — deb so‘radi Abdulatif.
— 600 AQSh dollari davlat narxida 1.300.000 so‘m bo‘ladi.
— Essiz, pullarim plastik kartochkada edi-da. Naqd pulim kamroq.
— Bankkaga borib, gaplashib ko‘raylik-chi, bir gap bo‘lar.

Shunday qilib ular Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan banklardan biriga borishdi. Ollobergan u yerga o‘zi kirib chiqdi. Keyin ular boshqa bir bankka borishdi. U bankka kirib chiqqach, yigit Abdulatifdan plastik kartochkasi va pullarini, pasportini so‘radi.

Abdulatif unga ichida 1.060.000 so‘m puli bo‘lgan plastik kartochkasini, 240.000 so‘m naqd pul va pasportini berib, Ollobergandan o‘ziga tegishli biror-bir hujjatini berishini talab qildi.

Ollobergan cho‘ntagidan harbiy guvohnomasini olib, uni garov sifatida haydovchida qoldirdi.

Ollobergan o‘n daqiqalardan so‘ng bankdan chiqdi-da, haydovchining yoniga borib dedi:
— Tushlik vaqti bo‘lib qolibdi. Plastik kartochkangiz va pasportingizni tashlab chiqdim. Tushlikdan so‘ng olib ketamiz. Hozir meni TTZ bozoriga olib borib keling. U yerda telefonimni ustaxonada qoldirgandim, —  dedi Ollobergan yolg‘on gapirib. Aslida uning niyati bozorga kirib, qochib qolish edi.

Sodda haydovchi uning gaplariga ishonib, mashinasini TTZ bozoriga haydadi. Ollobergan bozor ichiga kirib ketgach, yarim soatcha daragi bo‘lmadi. Toqati-toq bo‘lgan Abdulatif unga qo‘ng‘iroq qildi.
— Meni militsiya xodimlari ushlab olishdi. Xonasiga olib ketishayapti. Ertaga gaplashamiz, — deya Ollobergan uni aldab, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Haydovchi uni yana bir soatlar kutdi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi. U go‘shakni ko‘targan zahotiyoq plastik kartochkasi, pasporti va pullarini qaytarishini so‘radi.
— ”TAPOiCh” zavodi oldida kutib turing. Omonatlaringizni berib yuboraman, — dedi u.
Abdulatif u aytgan joyga borib yana bir soat kutdi. Oq rangli “Matiz” mashinasining haydovchisi unga pasportini, plastik kartochkasi va bir xatni berdi.
— Olloberganning o‘zi qani? — deb so‘radi undan Abdulatif.
— Men hech kimni tanimayman. “Pochta” qilib berib yuborishdi, omonatingizni berdim. Men taksistman,  — deya haydovchi uning oldidan uzoqlashdi.

Shundan so‘ng u Angren shahriga qaytdi. Yo‘lda yoqilg‘i qo‘yish shoxobchasiga kirdi va plastik kartochkasida pul to‘lamoqchi bo‘ldi. U yerdagi xodim uning plastik kartochkasida umuman pul yo‘qligini aytdi. Shundagina aldanganini tushundi. Bu haqda darhol Mirzo Ulug‘bek tuman IIBga murojaat qildi. 

Ollobergan uzoqqa qochib ketolmadi. Tergov jarayonida u yetkazgan moddiy zararni to‘lashga majbur bo‘ldi.

Shunday qilib sud Ollobergan Tursunaliyevni Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, unga har oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasi undirilgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Xonbibi Himmat qizi

Ko‘proq yangiliklar: