AQShning Verizon Communications Inc. telekommunikatsiya kompaniyasi Yahoo’ni 4,8 mlrd dollarga sotib olishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda vaziyatdan xabardor manbaga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi.
Verizon Yahoo’ni qo‘shib olishini 25 iyulda bozorning ochilishigacha rasman e'lon qiladi.
Manbaning aytishicha, Yahoo ko‘chmas mulk obektlari va intellektual mulk aktivlarining sotilishi alohida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Verizon vakili Bob Varettoni elektron pochta orqali agentlikka izoh berishdan bosh tortdi. Yahoo matbuot kotibi Rebekka Noyfeld ham izoh haqidagi iltimosni javobsiz qoldirdi.
Bloomberg’ning ta'kidlashicha, Yahoo o‘zining Alibaba Group Holding Ltd va Yahoo Japan Corp. kompaniyalaridagi ulushini saqlab qolmoqchi.
Iyun boshida Verizon Yahoo internet-kompaniyasining asosiy biznesini 3 mlrd dollarga sotib olishga tayyorligi ma'lum qilingandi.
2015 yil natijalariga ko‘ra Yahoo’ning sof ziyoni 4,4 mlrd dollarni tashkil qilgan, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 7,5 mlrd dollarni tashkil qilgandi. 2015 yilda tushum 7,5 foizga oshib, 4,9 mlrd dollarni tashkil qilgan.