Babayan Abduxoliqov o‘z tamoyillariga mos kelmasligi tufayli terma jamoaga chaqirilmasligini bildirdi

Sport 12:10 / 25.07.2016 7244

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Iroqqa (2:1) qarshi o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Murabbiy qaysi futbolchilar uning prinsiplariga to‘g‘ri kelishi va qaysilari to‘g‘ri kelmasligi borasida fikr bildirgan.

«Lokomotiv» safida to‘purar bo‘lib turgan Temurxo‘ja Abduxoliqov nega terma jamoaga chaqirilmagani haqidagi savolga u quyidagicha javob qaytargan:

«Temurxo‘ja Abduxoliqov? U terma jamoaga nomzod futbolchilardan biri. Lekin u ba'zi prinsiplarga ko‘ra hozircha terma jamoaga mos kelmaydi. Shuning uchun ham uni jalb qilmadik», — deya Babayanning so‘zlaridan iqtibos keltirgan stadion.uz.

U qanday prinsipni nazarda tutganini tushuntirmagan.

Babayan «Lokomotiv»ning asosiy tarkibiga kira olmayotgan Jasur Hasanov hamda Marat Bikmayev nega terma jamoada ekaniga izoh berishiga ham to‘g‘ri kelgan.

«Jasur Hasanov va Marat Bikmayev terma jamoa uchun yordam bera oladigan qobiliyatli futbolchilar. Jasur haqiqiy vatanparvar, termaga mos keladi. U jamoasida asosiy tarkibga tushmayotgan bo‘lsa ham, bizning talabimizga javob beradigan xislatlarga ega. Umid qilamanki, u «Lokomotiv»da asosiy tarkibga o‘rnashib oladi. Bikmayev ham MTJ tarkibida bor kuchini sarflab o‘ynaydi», degan Babayan.

Shundan so‘ng u o‘rtoqlik uchrashuvi ekanidan foydalanib, Rustam Ashurmatov va Sherzod A'zamovni tushirishga nima halaqit bergani to‘g‘risidagi savolga javob bergan.

«Faqat bir xil savollarni beryapsizlar. Terma jamoaga kim mos kelsa shularni chaqiramiz, bu yerda shaxsiy qarashlarga o‘rin yo‘q. Bu gap oldin ham aytildi. Biz Sherzod A'zamovni ham, Rustam Ashurmatovni ham tekshirib ko‘rganmiz. Termaga unga mos futbolchilargina chaqiriladi», — deb aytgan murabbiy.

Ko‘proq yangiliklar: