Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) rahbari Si Tszinpin 21-24 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi va ShHT a'zolari bo‘lgan Davlat rahbarlari kengashining 15-sammitida ishtirok etadi. Bu haqida Xitoy tashqi ishlar vazirining yordamchisi Li Xueylay ma'lum qildi.
Uning ta'kidlashicha, XXR rahbarining O‘zbekistonga tashrifi Xitoyning O‘zbekiston, shuningdek Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishida katta rol o‘ynaydi.
"O‘zbekiston Xitoyning strategik hamkori hisoblanadi, shuningdek "uch kuch" bilan kurashishda hamda Ipak yo‘li iqtisodiy tizimini qurishda muhim ahamiyat kasb etadi", - dedi vazir yordamchisi.
"Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi 24 yillik diplomatik aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlar o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda", - ta'kidladi Li Xueylay.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida ikki mamlakat rahbarlari yangi sharoitlarda o‘zaro aloqalarning rivojlanishi, Ipak yo‘lida iqtisodiy tizimni barpo etish, shuningdek xalqaro va mintaqaviy masalalar borasida fikr almashishadi, hamkorlikning bir qator muhim loyihalarini belgilab olishadi hamda "Xitoy-O‘zbekiston qo‘shma bayonotini imzolab e'lon qilishadi".
Manbaga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya, savdo-sotiq, iqtisodiyot, intellektual mulk va moliya sohalarida ko‘p sonli bitimlar imzolanishi kutilmoqda.