Semiz kishilarning miya faoliyatida buzilishlar aniqlandi

Jamiyat 13:25 / 16.06.2016 7162

Vashington universiteti tadqiqotchilari semiz kishilarning miyasi shirin mahsulotlardan rohatlanish hissini kuchaytirib, sog‘lom kishilarnikiga nisbatan boshqacha ishlashini aniqlashdi. Bunga moddalar almashinuvidagi buzilishlar sabab bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mazkur tadqiqot natijalari Diabetes jurnalida nashr qilingan.

Odamlar yoshi o‘tgan sayin shirinliklarni kamroq iste'mol qila boshlashadi. Bundan tashqari miya sohasida dofamin retseptorlari kamayadi. Bu esa yoqimli his-tuyg‘ular uchun javobgar mukofotlash tizimiga katta ta'sir o‘tkazadi. Biroq olimlar semizlikdan aziyat chekuvchi kishilarda vaziyat boshqacha ekanligini aniqlashdi. 

Tadqiqotchilar 20 nafar sog‘lom vaznli kishilarni o‘rganib chiqib, ularni tana massasi indeksi 30dan yuqori bo‘lgan 24 nafar ko‘ngilli bilan taqqoslashdi. Ishtirokchilar shakar konsentratsiyasi turlicha bo‘lgan ichimliklarni olishgan, shuningdek dofamin retseptorlari faolligini aniqlash uchun pozitron emissiya tomografiyasidan o‘tishgan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sog‘lom ishtrokchilarda dofamin retseptorlari soni va shirinlik iste'moli o‘zaro bog‘liq bo‘lsa, semizlikdan aziyat chekuvchi kishilarda bunday bog‘liqlik kuzatilmagan. 

Olimlar bu holatni semiz kishilarda insulinga rezistentlik bo‘lishi mumkinligi hamda yosh, dofamin retseptorlari faolligi va shakarni xush ko‘rish o‘rtasidagi bog‘liqlikka ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli bo‘lgan boshqa metabolik o‘zgarishlar bilan izohlashdi. Tadqiqotda qatnashgan ortiqcha vaznli ishtirokchilar orasida diabetga chalinganlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, ularning ba'zilarining qonida glyukoza va insulin yuqori konsentratsiyada ekanligi aniqlangan. Tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, bu omillar miyadagi mukofotlash tizimga qandaydir ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: