Janubiy Koreyaning elektronika ishlab chiqaruvchi giganti Samsung Electronics Amerikaning "bulut"li texnologiyalar sohasida ishlaydigan Joyent startapini xarid qilganini ma'lum qildi. Hozircha uning qiymati e'lon qilinmayapti.
Samsung kompaniyasi Joyent’ni xarid qilish bilan, mobil va boshqa xizmatlarini rivojlantirish uchun o‘zining masofada saqlash platformasini ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ladi.
Bitim yakuniga ko‘ra, Joyent Samsung tarkibiga, uning shjxobchasi sifatida kiradi. Kompaniya mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasida ishlaydi.
Shu bilan birga, Samsung Joyent savdo belgisini saqlab qolishga va'da bergan. Kompaniya bosh direktori Skott Xammond va boshqa bosh menejyerlar ham o‘z o‘rnida qolishadi.
Xammondning ishonishicha, Samsung bilan hamkorlik qilish Joyent’ga bulut texnologiyalari sohasining yirik vakillari Amazon AWS va Microsoft Azure’lar bilan raqobat qilishga sharoit yaratadi.
Ta'kidlash joizki, oxirgi bir necha yil ichida Samsung Amerikaning uchinchi kompaniyasini xarid qilmoqda. U 2015 yil fevralida Apple Pay to‘lov tizimiga o‘xshash LoopPay’ni 250 mln dollarga xarid qilgandi. 2014 yil yozida esa, buyumlar internetidagi startap SmartThings’ni 200 million dollarga sotib olgandi.