Yoz kelishi bilan kunlar isib, katta shaharlar aholisi o‘z hayotini konditsionersiz tasavvur qila olmay qoldi. Biroq sayyoramizda butun yil bo‘yi dim havo bo‘lsa-da, aholisi o‘ziga bunday zamonaviy uskunani sotib olishga qodir bo‘lmagan shaharlar, hatto mamlakatlar bor.
"Ekokuler" nomli loyiha ishlab chiqaruvchilari xonani elektr energiyasisiz muzlatishni o‘ylab topishdi. Bunday uskunani yasash uchun oddiy plastik butilkalar va karton bo‘lagi kerak bo‘ladi. Ushbu murakkab bo‘lmagan qurilma Bangladeshning 25 mingdan ortiq elektrsiz uylarida o‘rnatildi.
Bunday "konditsioner"ni yasash oson va arzon: qalin karton bo‘lagida butilka og‘zidek keladigan teshikchalar kesib olish kerak.
So‘ngra butilkaning yarmini kesib olib, bo‘yinli qismini qoldirish kerak, qopqoqning tepa qismini qaychi bilan kesib tashlash lozim.
Butilkalarni og‘iz tomoni bilan karton doskadagi teshikchalarga joylashtirib chiqiladi.
Qopqoqlarni boshqa tomondan mahkamlab, uni derazaga shunday joylashtirish kerakki, butilkalarning bo‘yin qismi xonaning ichki tomoniga qaratilsin.
Butilka diametri va bo‘yin diametri o‘rtasidagi farq qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Og‘zingizni katta ochib, qo‘llaringiz kaftiga nafas chiqarib ko‘rsangiz, havo salqinlashadi, shunday emasmi?
Bu yerda ham xuddi shu oddiy tamoyil ish beradi: issiq havo butilkaga kiradi, bo‘yin qismidagi siqilish tufayli u biroz soviydi va xona salqinlashadi. Tafovut taxminan 5 darajani tashkil etadi, lekin issiq o‘lkalar uchun shu ozgina salqinlik ham seziladi. Ko‘rib turganingizdek, hammasi oddiy, foydali va arzon!