Amerika The Voice teleshousi ishtirokchisi Kristina Grimmining qotili xonandaga bog‘lanib qolgan bo‘lib, ishdagi hamkasblariga ular turmush o‘rtoq bo‘lishini aytib o‘tgan, deb xabar beradi TMZ.
27 yoshli Kevin Loybl faoliyat yuritgan Best Buy kompaniyasi xodimlarining fikriga ko‘ra, u ko‘z jarrohligi, soch ekish bo‘yicha operatsiyalarni boshdan o‘tkazgan va ozish uchun vegetarian bo‘lgan. Ishxonada u tinmay Kristina Grimmi qo‘shiqlarini tinglagan. Mart oyida Kevin xonandaning konsertida ishtirok etib, hamkasblariga u bilan tanishgani haqida aytib o‘tgan. U Kristina bilan birga onlayn o‘yinlar o‘ynashini ma'lum qilgan. Xonandaga yaqin bo‘lgan kishilarning qayd etishicha, Kristina hech qachon Loybl bilan tanish bo‘lmagan.
Ma'lum bo‘lishicha, hamkasblar Grimmining prodyuseri — uning sevgan yigiti ekanligini aytib, Loyblning g‘ashiga tegishganida, u qattiq g‘azablangan.
10 iyun kuni Orlandodagi Plaza Live konsert zalida Grimmi Before You Exit guruhi bilan bergan konsertdan so‘ng, muxlislarga dastxatlar ulashayotgan mahal Kevin Loybl qizni boshiga o‘q uzgan. Grimmining akasi qotilni tutishga harakat qiladi, biroq Kevin o‘z joniga qasd qiladi.