Angliya - Uels: Bugun Yevro-2016 turnirida britancha derbi

Sport 16:36 / 16.06.2016 4353

Bugun Yevropa chempionati guruh bosqichida Angliya va Uels uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Lans shahridagi "Feliks Bolar" stadionida o‘tadigan bu bahs Toshkent vaqti bilan soat 18:00da boshlanadi.

Bu ikki britan jamoasining to‘qnashuvi Yevropa chempionati boshlanguniga qadar ham katta qiziqish bilan kutila boshlangandi. 1 tur uchrashuvlari va 2-turda Rossiya Slovakiyaga yutqazishidan keyin bu uchrashuvga qiziqish yanada ortdi.

Inlizlar bosh murabbiyi Roy Hojson Rossiyaga qarshi o‘yinda maydonga yetarli darajada ijodkor futbolchilarni chiqargandi. Maydonda raqib hujumini buzish bilan shug‘ullanadigan birgina Erik Dayyer o‘ynadi. Hujumni yakunlovchi o‘rinda esa Keyn.

"Uch sherlar" ustozi Rossiyaga qarshi durangdan keying navbatdagi uchrashuv uchun tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirishini aytgandi. Birinchi navbatda Sterling almashtirilishi mumkin - u Rossiyaga qarshi o‘yinda jamoadoshlari bilan bir-birini yaxshi tushunmadi. Shuningdek, Adam Lallana ham jamoaning kuchsiz chizig‘i bo‘ldi. Uning o‘rniga Jyeyms Milner tushishi mumkin. Hojson bugun Vardini tushirib, 2 markaziy hujumchi bilan o‘ynashi mumkin.

Uels tarkibida jiddiy o‘zgarishlar kutilmaydi. Robson-Kanu birinchi uchrashuvdagi goli bilan bunday turnirlarda tajriba qay darajada muhimligini ko‘rsatdi.

Birinchi turdagi durang Angliyaga bu o‘yindagi g‘alabani zaruratga aylantirdi. Uelsliklar bu o‘yinda himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, qarshi hujumlarga tayanishi kutilmoqda.

Tarix
Angliya va Uels shu vaqtgacha 103 marta uchrashgan va ularning 68tasida inglizlar g‘alaba qilgan, 21ta durang qayd etilgan, 14 uchrashuvda uelsliklar g‘alabasi qayd etilgan.

Keyingi 3ta qarama-qarshilikda Uels Angliya darvozasiga gol ura olmagan. Uels oxirgi marta 1984 yilda Angliyani yenga olgan.

Taxminiy tarkiblar:
Angliya: Xart – Uoker, Kexill, Smolling, Rouz – Dayyer – Milner, Runi, Alli – Keyn, Vardi
Uels: Uord – Chester, Uilyams, Devis – Ganter, Allen, Ledli, Teylor – Remsi – Robson-Kanu, Beyl

Roy Hojson, Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi:
- Derbi muhiti – bu juda hayajonli. Angliyada, Buyuk Britaniyada, butun dunyoda bu o‘yinni intiqlik bilan kutishmoqda. Biz o‘z qardoshlarimizga qarshi o‘ynaymiz. Bu esa olovga moy quygandek. Bu holatda qiziqish ortadi.
Menimcha, uelsliklar Kris Koulmen yo‘lga qo‘ygan uslubda o‘ynashadi. Biz ularning tarkibida va o‘yinida o‘zgarish bo‘lishini, syurpriz amalga oshirilishini kutmayapmiz.
Ular to‘pga egalik qilishga yoki to‘pni topshirib qo‘yishga asoslangan qandaydir alohida uslubda o‘ynaydi, deb o‘ylamayman. Biz ham ularga syurprizlar qilmoqchi emasmiz – uelsliklar barcha futbolchilarimizni yaxshi bilishadi.
Matbuot orqali so‘z talashish boshqa, maydondagi o‘yin butunlay boshqa. Uelsliklarda bizdagi kabi bosim yo‘q. Axir ular birinchi o‘yinda g‘alaba qozonishdi, g‘alaba esa guruhdan 3 jamoa chiqishi mumkin bo‘lgan vaziyatda pley-off yo‘llanmasini deyarli kafolatlaydi.

Kris Koulmen, Uels terma jamoasi bosh murabbiyi:
 - Biz tayyormiz. Biz o‘z ishimiz haqida qayg‘urishimiz kerak. Agar biz guruhdan chiqmoqchi bo‘lsak, o‘z imkoniyatlaridan foydalanishimiz kerak. Oldindagi o‘yin - biz uchun jiddiy sinov.
Agar jamoa g‘alabaga erisha olsa, guruhdan chiqishimiz kafolatlanadi. Agar bugun yutmasak ham bizda imkoniyat saqlanib qoladi.
Raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, avvalo o‘z o‘yinimiz haqida qayg‘urishimiz kerak.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: