1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, bir nafar farzandning onasi, asli Farg‘ona viloyatilik bo‘lgan Surayyo Madumarova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ham firibgarlik bilan pul topib boyib ketishga umid qilib, shu ishga qo‘l uradi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
O‘zining yaqin tanishi bo‘lgan Latofat Abdiyevaga bir tanishi yangi mashinasini sotmoqchiligini, arzonroq narxda olib berishi mumkinligini aytadi. Bu gaplarga ishongan L.Abdiyeva ham paytdan foydalanib, arzon narxda mashina olib qolishini o‘ylab, tezda o‘g‘li bilan masalahatlashadi. U o‘g‘li minib yurgan “Matiz” rusumli mashinasi, o‘zining tilla buyumlarini ham sotib, 8000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni taxlab qo‘yadi. S.Madumarovaga telefon qilib pul tayyorligini aytadi. S.Madumarova ham vaqtdan unumli fodalanish uchun o‘sha zahotiyoq ularni uyiga chaqiradi. Latofat ham yoniga o‘zining va qarindoshining o‘g‘lini olib Surayyoning uyi oldiga keladi. Ko‘chaga chiqqan Surayyo uyining pod'yezdi oldida pullarni sanab oladi. Latofatning o‘g‘li endi mashinani ko‘rmoqchiligini so‘raganida, Surayyo hozir shoshib turganligini, mashinani ertaga ko‘rishini, Latofatning esa pulni olganligi haqida tilxat yozib berishini so‘raganda “voy uyat bo‘lar-a, shuncha yillik qadrdonlarmiz...” - deya tezda mashinaga o‘tirib ketib qoladi.
Shunday qilib, Surayyoga ishongan Latofat-u o‘g‘li mashinalaridan ham pullaridan ham ajrab qoladilar. 2004 yildan buyon bir-birlarini yaxshi tanigan Latofat va Surayyoning o‘rtalaridagi yaxshi munosabatlarga “Neksiya” mashinasini arzonroq hamda tanish-bilishdan olaman, deb o‘ylagan Latofatning o‘g‘li 1989 yilda tug‘ilgan Azimjon Abdiyevning “sabrsizligi” oqibatida putur yetadi. Bir yildan ortiqroq vaqt mobaynida o‘zining yangi “Neksiya”sini zoriqib kutgan Azimjon o‘tgan vaqt mobaynida Surayyo Madumarovaning uyiga necha marotaba borib kelganligini o‘zi ham hisobiga yetolmaydi. 2014 yilning noyabr oyida pul berib qo‘yib, bir yarim yilcha vaqt mobaynida kutgan Azimjonning sabr kosasi to‘ladi va huquqni himoya qiluvchi organ vakillariga murojaat qilishdan o‘zga chorasi qolmaydi.
Shundan so‘ng, olib borilgan tergov harakatlari natijasida hamma ishlar ayon bo‘ladi va Surayyo o‘zining o‘rtog‘i Latofatni aldab yurganligini ham tan oladi. O‘sha paytlarda Surayyoga juda ham pul zarur bo‘lib qoladi. U o‘zining ishlarini rivojlantirishni reja qilgan holatda o‘rtog‘i Latofatning gaplaridan o‘g‘li o‘zining “Matiz” avtomashinasini sotib, pul qo‘shib “Neksiya” avtomashinasi olmoqchiligini eshitadi va ana shu tomoshalarni o‘ylab topadi. Surayyo o‘zining muammolarini birovning pullari evaziga osongina hal qilib oladi. Ammo o‘rtog‘i Latofatni bir yarim yil mobaynida aldab kelganligini endi qanday oqlar ekan. Azimjonning sa'y-harakatlari bilan boshlangan Surayyoning dilxiraliklarini oxiri ko‘rinmay qoldi. Ish chappasiga ketganligini ko‘rgan Surayyo Latofatning eshigi tagida yotib kechirim so‘rar, pullarini hammasini qilib berishini aytib, faqatgina arizani qaytarib olishini yolvorib so‘rardi. Nufuzli bir o‘quv dargohida o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Surayyo uchun bu juda og‘ir ekanligini aytib, Azimjonnng arizasini qaytarishni xohlardi. Ammo Azimjon onasi va o‘zini bir yarim yil davomida aldab yurgani uchun Surayyoni aslo kechira olmasligini aytib, arizasini ham qaytarib olmaydi.
Endi Surayyoning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, u Azimjon va Latofatdan olgan pullarini qaytarishi va ularga yetkazgan ozorlari uchun ham badal to‘lashga majbur.