Tadqiqotchilar insonning ko‘k chiroq ta'siri ostida diqqatni yaxshiroq jamlay olishi va tezroq qaror qabul qilishini aniqlashdi. Mazkur ilmiy izlanish Sleep2016 anjumanida taqdim etildi.
Arizona universiteti olimlari 18 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar ko‘ngillini tanlab olishdi. Ishtirokchilar ikki guruhga ajratildi. 30 daqiqa mobaynida birinchi guruhdagi kishilarga ko‘k chiroq bilan, ikkinchi guruhdagilarga esa sariq chiroq orqali ta'sir o‘tkazishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar turli vazifalarni bajarishdi, olimlar esa ularning miya faolligini fMRT yordamida qayd etishdi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, birinchi guruh a'zolari vazifalarni yaxshi uddalashgan. Berilgan vazifalar bajarilayotgan bir paytda maxsus uskuna - fMRT miya faolligining oshishini ko‘rsatgan.
Ko‘k rangli chiroq ta'siri ostidagi fikrlash qobiliyatining o‘sishi u o‘chirilgandan keyin yana 40 daqiqa o‘z faolligini saqlab turgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘k rang diqqatni jamlash va tezroq qaror chiqarish kerak bo‘lgan joylarda, masalan, uchuvchilar kabinasi yoki jarrohlik o‘tkaziladigan xonalarda qo‘llanishi mumkin.