Jahonda muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz davom etmoqda. Yaqinda tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, yil oxiriga qadar Sharqiy O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga bir millionga yaqin muhojir kelishi kutilmoqda. Biroq BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi Boshqarmasi bu raqamga ishonmayapti. Boshqarma vakillarining aytishicha, mazkur yo‘nalish bo‘yicha “qo‘hna qit'a”ga atigi 248 ming nafar muhojir kelishi mumkin. Ayni damda O‘rta Yer dengizi orqali 210 ming 643 muhojirning Yevropaga kelgani aytilmoqda. Bu haqda Xalqaro migratsiya agentligi ma'lum qildi. Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga umumiy hisobda 1 million 800 ming kishi kelgan edi.
BMT 2017 yilda 170 ming nafar qochqinni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga joylashtirishni rejalashtirgan. Bu haqda dushanba kuni BMT qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi Boshqarmasi “2017 yilda muhojirlarni joylashtirish ehtimollari” deb nomlangan Hisobotni e'lon qildi. Unda boshqarmaning qochqinlarni joylashtirish Agentligi oldida turgan vazifalarga ham alohida to‘xtalgan.
Taxminlarga ko‘ra, kelasi yili 1 million 190 ming muhojir boshpana olish masalasida yordamga muhtoj bo‘ladi. Bu 2014 yilgi prognozlardan 72 foiz ko‘pdir. Ma'lumki, Yevrokomissiya muhojirlar mansub bo‘lgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish borasida yangi strategiyasini e'lon qildi. Unda mazkur mamlakatlarning iqtisodiyotini ko‘tarish, chegaralarni mustahkamlash va noqonuniy odam savdosiga qarshi kurashda yordam berish masalalari qayd qilinadi. Bu siyosat orqali dengizda odamlar hayoti qutqariladi, muhojirlar o‘z vatanlariga qaytariladi, muhojir va qochqinlarga o‘z uylarida yaxshi hayot kechirishlari uchun har tomonlama ko‘mak beriladi. Ma'lumki, ayni shu muammolar tufayli odamlar o‘z vatanlarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. E'lon qilingan strategiyaga ko‘ra, Yevrokomissiya har bir mamlakat bilan alohida olingan reja bo‘yicha ishlaydi. Yangi strategiya noqonuniy muhojirlarni Yevropaga olib kelish bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yishga ham qaratilgan. Shu bilan birga muhojirlarni “ko‘hna qit'a”ga kelishini qonuniylashtirish masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan.
Kuni kecha Ispaniya politsiyasi noqonuniy odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan 20 kishini hibsga oldi. Ular Dominikan Respublikasidan muhojirlarni olib kelganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, uyushgan jinoiy guruh a'zolari giyohvand modda yetishtirish va noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda. Ularni hibsga olish amaliyotlari bir nechta shaharda o‘tkazildi.
Shu yilning yanvar oyidan may oyiga qadar Fransiyadan boshpana so‘ragan muhojirlar soni 33 ming kishiga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz ko‘p demakdir.
Ma'lumotlarga qaraganda, Germaniya hududlariga keluvchi muhojirlarning 80 foizida biror bir hujjat yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda federal politsiya ma'lum qildi. E'lon qilingan hisobotga ko‘ra, shu yilning yanvardan aprel oyiga qadar Germaniyaga kelgan muhojirlarning 80 foizida pasport bo‘lmagan. Shu davr maboynida huquq-tartibot idoralarining xodimlari tomonidan 11 ming 400 nafar noqonuniy muhojir qo‘lga olingan. Shundan 91 mingida shaxslarini tasdliqlovchi hujjat bo‘lmagan. Yanvardan mart oyigacha 1 ming 300ga yaqin noqonuniy muhojirdan qalbaki pasport olib qo‘yilgan. 2015 yilda 4 ming 900ta soxta hujjat musodora qilingan edi.
Muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz osonlik bilan hal qilinmaydi. Bu uzoq etadigan jarayondir. Hatto vaziyat birdaniga keskinlashib ketishi ham mumkin, dedi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining bosh kotibi Lamberto Zaner. U noqonuniy muhojirlarni olib kelishga qarshi kurash masalasiga bag‘ishlangan loyiha taqdimotini o‘tkazar ekan, bu kabi jinoyatlarni fosh qilishga qaratilgan tadbirlar noyabr oyidan boshlanishini ta'kidlab o‘tdi.
So‘nggi olti yil davomida Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar 5 millionga yaqin muhojirga fuqorolik bergan. Fuqorolik olish borasida birinchi o‘rinda Marokash fuqorolari turibdi. Bu xaqda Yevropa statistika agentligi ma'lum qildi.
YeXHTning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakili Madina Yarbussinovaning aytishicha, Yevropadagi vaziyat muhojirlar uchun qo‘shimcha xavf paydo qiladi. Muhojirlar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning qurboniga aylanishi mumkin.
Yevrokomissiya Yevropadagi muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni bartaraf etish yo‘lida Afrika Jamg‘armasiga bir milliard yevro ajratishga qaror qildi. Shundan 500 million yevro Yevropa Taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladi. Yana 500 million yevro Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlardan so‘raladi. Bundan tashqari, kuz fasliga borib Yevrokomissiya yana bitta jamg‘arma tuzishni niyat qilgan. Yangi jamg‘armaga 31 milliard yevro investitsiya yotqizilishi rejalashtirilgan.
So‘nggi 20 yil davomida xavfsiz joyga yetib olishga uringan 60 ming muhojir va qochqin halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
2015 yilda 5,4 ming muhojirning halok bo‘lgani aytilmoqda. Bu yil esa Yevropaga yo‘l olgan har 23 muhojirning biri xalok bo‘layotgani ma'lum qilindi. Fojialarning 80 foizi O‘rta yer dengizida qayd qilinadi.
Sharofiddin To‘laganov