21 aprel kuni Ottava shahrida O‘zbekiston-Kanada siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Kanada Tashqi ishlar va xalqaro savdo vazirligi delegatsiyasiga Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo‘yicha byuro Bosh direktori Metyu Levin rahbarlik qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jihatlari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Shuningdek, 2015 yil boshida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni atroflicha muhokama qilindi.
Suhbat davomida turli sohalardagi hamkorlikni bosqichma bosqich rivojlanishidan O‘zbekiston va Kanada birdek manfaatdor ekanligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsion, sayyohlik va boshqa sohalarda mavjud bo‘lgan hamkorlikning ulkan salohiyatini amalda qo‘llash istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy dolzarb muammolar, jumladan Afg‘onistondagi holat muhokama qilindi.