Belgiyada "Dul" AESi reaktori to‘xtab qoldi

Jahon 00:35 / 22.04.2016 975

21 aprelda Belgiyaning Flandriya viloyatida joylashgan "Dul" atom elektr stansiyasining 3-reaktori avtomatik ravishda ishlashdan to‘xtadi. Mutaxassislar reaktorning to‘xtashi sababini aniqlashtirmoqdalar, deb xabar bermoqda Engie Electrabel operator-kompaniyasi

Belgiyaning yadroviy xavfsizlik bo‘yicha federal agentligi qo‘shni davlatlar hukumatlarini Belgiyadagi AESlardagi reaktorlar eng yuqori xavfsizlik talablariga javob berishiga ishontirdi.

7 aprelda ham shu AESda 1-reaktor to‘xtagani ma'lum qilingandi. O‘shanda bunga texnik muammo sabab bo‘lgani aytilgan.

Bu orada Germaniyaning atrof-muhit, tabiatni qo‘riqlash, qurilish va yadroviy reaktorlar federal vaziri Barbara Xendriks Belgiya hukumatini AESning 3-reaktorini va Valloniyadagi "Tianj" AESining 2-energoblokini ularning xavfsizligi isbotlanmaguncha vaqtinchalik ishlatmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, Niderlandiya va Lyuksemburg ham bu AESlarning ishonchli ekanligi isbotlarini talab qildi. Belgiyaga qo‘shni davlatlarning bu talablari oxirgi vaqtlarda Belgiyadagi AESlarda kuzatilgan bir qator texnik nosozliklar va reaktorlardan ba'zilarining po‘lat korpuslari holatidan xavotirlanish sababli bildirilgan.

"Dul" AESining 1-reaktori Belgiyada eng eski reaktor bo‘lib, 1975 yilda ishga tushirilgan. Avvalroq Belgiya hukumati va mamlakatdagi AESlarni boshqaruvchi Electrabel kopmaniyasi "Dul" AESi energobloklaridan foydalanishni 2025 yilgacha uzaytirish haqida kelishuvni imzolagandi.

Bu kelishuv tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda Germaniya hukumati tomonidan tanqid qilingan.

2012 yilda AESdagi reaktorlarni ultratovushli tekshirish natijasida energobloklardan birining korpusida minglab darzlar aniqlangan, biroq shunga qaramay o‘tkazilgan ekspertizadan keyin u qayta ishga tushirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: