Tadqiqotchilar uzoq o‘tirib ishlash ziyonligini ta'kidlashdi

Jamiyat 16:51 / 20.04.2016 1202

Janubiy Daniya Universiteti amaliyot va sog‘lik bo‘yicha Milliy ilmiy-tadqiqot markazi va Sidney universiteti tadqiqotchilari o‘tirib ishlash soatlarini kamaytirish salomatlikka ijobiy ta'sir etishini isbotlab berishdi. Tadqiqot International Journal of Epidemiology jurnalida chop etildi.

Olimlar o‘tirib ishlash vaqtini kamaytirish imkonini beruvchi metodika ishlab chiqishdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, agar inson (sakkiz soatlik ish kuni bo‘yicha) bir oy davomida 71 daqiqa kamroq o‘tirsa, bu unga tanada yog‘lar erishi evaziga vaznni 0,61 foizga kamaytirishga yordam beradi.

Tadqiqotda daniyalik va grenlandiyalik 317 nafar ofis ishchisi ishtirok etdi. Ularni tasodifiy tartibda nazorat yoki tajriba guruhlariga bo‘lindi. Tajriba orqali ishtirokchilarning haftada besh kunlik ish davomida qancha vaqt o‘tirib ishlagani o‘lchandi.

Bir oydan so‘ng tajriba guruhidagilar nazorat guruhidagilarga nisbatan 71 daqiqa kam o‘tirib ishlashgan. Uch oydan so‘ng bu farq 48 daqiqaga qisqargan. Qadamlar soni esa birinchi oyda yetti foizga, uch oy davomida esa sakkiz foizga ko‘p bo‘lgan. Olti foizdan kamroq qatnashchi tik oyoqda o‘tkaziladigan vaqt miqdorining ortishi bilan bog‘liq noqulayliklardan arz qilgan.

Olimlarning ta'kidlashicha, ofis ishchilari “mubtalo” bo‘lgan uzoq o‘tirishni taqozo etuvchi hayot tarzi semizlik, yurak-qontomir tizimi muammolari va boshqa xastaliklarning asosiy sababi bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: