Muhtaram Yurtboshimiz ta'kidlab o‘tganidek, qachonki, har qaysi uyda, har qaysi mahallada yashayotgan odam tinchlik va osudalikning qadriga yetib, uni mustahkamlashni, himoyalashni o‘zining burchi deb bilsa, tinchlik uchun kurashsagina bu maqsadga erishish mumkin.
Shu maqsadda Jizzax viloyatida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostidagi tadbirlar ham millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni yoshlarimiz ongiga singdirish, aholining bir-biriga bo‘lgan hurmatini oshirishda, tinch-totuv yashashda munosib xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Yana shuni quvonch bilan ta'kidlab o‘tish kerakki, o‘tkazilayotgan har bir tadbirlar doirasida tashkil etilgan “Inson aziz, Vatan muqaddas” shiori ostidagi ko‘rgazma va “Barkamol avlod shakllanishida milliy va ma'naviy qadriyatlarning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarlar ham o‘z o‘rni, ta'sir kuchi va nufuziga egaligi bilan alohida ajralib turadi.
Ana shunday erkinlik va bag‘rikenglik an'analari haqida so‘z ketganda, o‘tgan davr mobaynida Jizzax viloyatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni ko‘z oldimizdan o‘tkazaylik. 24 yil mabaynida viloyatda 171 ta masjid va 7 ta noislomiy diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazildi. Holbuki, masjidlar soni mamlakatimiz bo‘yicha 1991 yilda bor-yo‘g‘i 146 tani tashkil etgan edi, xolos. O‘tgan yillar mobaynida yuzlab cherkov, sinagoga va ibodat uylari barpo etilganligi, Toshkent, Samarqand, Navoiyda pravoslav ibodatxonalari, Toshkent shahrida katolik kostyoli, Samarqandda Arman-apostol cherkovi, mamlakatimiz poytaxtida Budda ibodatxonasi ochilganligi diniy bag‘rikenglikka katta e'tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.
Ayni paytda viloyatda 6 ta milliy madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatib, millatlararo munosabatlarning ravnaq topishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayapti.
Birgina viloyatning Zomin, Baxmal, Zarbdor, Do‘stlik, Arnasoy, Paxtakor tumanlari hamda Jizzax shahrida qirg‘iz millatiga mansub 50 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning har biri O‘zbekistonni o‘z Vatani deb biladi va ardoqlaydi.
Hozirgi kunda Sangzor vohasida qirg‘iz tilida o‘qitiladigan 14 ta maktab mavjud. Ushbu maktablar to‘liq darsliklar bilan ta'minlangan, barcha qulayliklarga ega. Mustaqillik tufayli mahallalarimiz obod, xalqimiz boy-badavlat bo‘lib bormoqda.
Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati