Mask, kichik Kennedi va Uayls: Trampning atrofidagilar kim va qaysilari yangi ma’muriyatda lavozim olishi mumkin?

Jahon 12:00 / 12.11.2024 6617

Shu kunlarda Tramp o‘zining dastlabki tayinlovini amalga oshirdi: uning saylovoldi kampaniyasi boshlig‘i bo‘lgan Syuzi Uayls Oq uy apparati rahbari bo‘ladi.

Donald Trampning atrofida yana kimlar bor va uning safdoshlari orasida rollar va muhim lavozimlar qanday taqsimlanishi mumkin?

Syuzi Uayls

Syuzi Uayls — Tramp jamoasining keyingi vazifasi allaqachon belgilangan yagona vakilidir.

Trampning saylovlardagi ishonchli g‘alabasi — u saylovoldi kampaniyasi rahbari sifatida bajargan ishlar samarasidir. Chorshanba kungi nutqida Tramp uning rolini alohida qayd etgan va uni «muz qiz» (u «ice maiden» iborasini qo‘llagan) deb atagan.

Shu kunlarda u Donald Trampning ikkinchi ma’muriyati apparati boshlig‘iga aylanishi ma’lum bo‘ldi. Bu tarixiy tayinlov hisoblanadi, chunki Uayls bu lavozimni egallaydigan ilk ayol bo‘ladi.

Uayls siyosatga 1970-yillar oxirida kirib kelgan va Ronald Reyganning 1980 yilgi saylov kampaniyasi bilan shug‘ullangan jamoada ishlagan. O‘shanda respublikachilar nomzodi g‘alabaga erishgandi.

2010 yilda u siyosiy tajribasi deyarli yo‘q bo‘lgan tadbirkor Rik Skottga yetti oy ichida Florida gubernatoriga aylanishga yordam beradi. Ayni vaqtda Skott AQSh Senati a’zosidir.

Uayls va Tramp respublikachilarning 2015 yilgi praymerizi chog‘ida tanishishgan va tez orada u nomzodning Florida shtatidagi saylovoldi kampaniyasi hamraisiga aylangan, o‘sha vaqtda bu ikkilanuvchi shtatlardan biri edi.

2016 yilda Donald Tramp bu yerda Hillari Klintonni kichik farq bilan mag‘lub etadi.

Respublikachilar Uaylsga katta hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Ko‘pchilik u hatto Trampning va uning yaqin doirasidagi odamlarning ham ambitsiyalarini tiyishga qodirligini aytgan. Bu xislati unga ma’muriyatda tartibni saqlashda imkon berishi mumkin, apparatning oldingi to‘rt rahbari buni uddalay olmagandi.

Trampning so‘zlariga o‘ra, Uayls soyada qolishni ma’qul ko‘rishiga qaramay, AQShning eng dovrug‘li siyosatchilaridan biriga aylana oldi.

Kichik Robert Kennedi

So‘nggi ikki yil 1963 yil o‘ldirilgan prezident Jon Kennedining qarindoshi uchun haqiqiy sarguzasht bo‘ldi.

U atrof-muhit masalalari bilan shug‘ullangan huquqshunos bo‘lib, hozirgi prezidentlik kampaniyasi davrida Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lishga harakat qilgandi.

Shu bilan birga, kichik Robert Kennedining oilasi a’zolaridan ko‘pchiligi uni vaksinatsiyaga qarshi chiqqani va turli fitna nazariyalarini targ‘ib qilib yurgani uchun keskin tanqid qilishgan. Uning qarindoshlari saylovoldi kampaniyasi boshidan buyon Jo Bayden qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlashgan.

Partiya ichidagi kurashda natijaga erisha olmasligiga amin bo‘lganidan keyin u mustaqil nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ammo uning kampaniyasi muvaffaqiyatga erishmadi va sentabr oyiga kelib u kurashdan chiqdi va tarafdorlarini Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Saylov siklining so‘nggi ikki oyida u Tramp saylovoldi kampaniyasining «Amerikani yana sog‘lom qilish» tashabbusiga rahbarlik qildi.

Yaqinda Tramp kichik Robert Kennedi  Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (CDC) hamda Oziq-ovqat va dori-darmonlar sifati bo‘yicha boshqarma kabi sog‘liqni saqlash idoralari faoliyatida muhim rol bajarishini va’da qilgandi.

Robert Kennedi ichimlik suvini ftorsiz tozalashni yo‘lga qo‘yish uchun harakat qilishini, chunki bu modda inson organizmi uchun zararligini aytgandi. Ko‘plab ekspertlar bu da’voga qo‘shilmaydi.

U shuningdek NBC News uchun bergan intervyusida vaksinatsiyaga qarshi chiqqani haqidagi da’volarni rad etgan. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u odamlarni emlash huquqidan mahrum qilishni yoqlamagan, balki ular tanlov qilishidan oldin bu borada yaxshiroq xabardor qilishni targ‘ib etgan.

Shu intervyuda vazirlik lavozimidan ko‘ra Oq uydagi kattaroq vakolatga ega bo‘lgan lavozimni afzal ko‘rishini bildirgan.

Ilon Mask

Dunyoning eng badavlat kishisi, Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari hamda X platformasi (sobiq tvitter) egasi 2022 yilda «Tramp eshkaklarini quritib, ufq ortiga ketishi kerakligi»ni aytgan bo‘lsa-da, joriy yil boshida sobiq  prezidentni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Shundan buyon Mask saylovoldi kampaniyasi chog‘ida respublikachilarning eng faol va ko‘zga ko‘ringan tarafdorlaridan biriga aylanib, Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun uning o‘zi tomonidan tashkil etilgan America PAC qo‘mitasiga 119 million dollar miqdorida xayriya qildi.

Saylov kunidan biroz oldinroq Mask yana bir kampaniyani yo‘lga qo‘yib, ikkilanuvchi shtatlarda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarga uning so‘z erkinligi to‘g‘risidagi petitsiyasini imzolagani uchun pul to‘ladi.

Jami to‘lovlar million dollarni tashkil etadi.

Ilon Mask 2022 yilgi oraliq saylovlar arafasda faol respublikachiga aylandi va shundan keyin noqonuniy immigratsiya va transgenderlar huquqlari kabi masalalarda tobora ko‘proq gapira boshladi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp va Mask «Hukumat samaradorligi departamenti»ni (Department of Government Efficiency) tashkil etish masalasini muhokama qilgan, uni aynan Tesla rahbari boshqarishi mumkin.

Departamentning maqsadi — budjet xarajatlarini qisqartirish, hukumat faoliyatini isloh etish va Mask ta’biri bilan aytganda «bo‘g‘uvchi federal byurokratiya» bilan kurashishdir.

Bo‘lajak agentlik abbreviaturasi — DOGE — Ilon Mask faollik bilan targ‘ib qilayotgan DOGE kriptovalutasiga mos keladi.

Mayk Pompeo

Kanzas shtatidan sobiq kongressmen Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori bo‘lgan, keyin Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida davlat kotibiga aylangan.

AQSh tashqi siyosatidagi qirg‘iy va Isroilning sodiq tarafdori sifatida Pompeo AQShning Isroildagi elchixonasi Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishida muhim rol o‘ynagan.

U shuningdek, Avraam kelishuvlari deb nom olgan, Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bilan munosabatlarini normallashtirishga qaratilgan kelishuvni amalga oshirishda muhim figuralardan biri bo‘lgan.

Pompeo o‘z rahbarining sodiq ittifoqchisi bo‘lib qoldi va 2020 yilgi saylovlarda go‘yoki demokratlarning g‘alabasiga yordam bergan soxtalashtirish to‘g‘risidagi asossiz da’volarida Trampni qo‘llab-quvvatladi. Lekin bu bayonot tekshiruvlar davomida o‘z isbotini topmadi.

Hozirda Pompeo mudofaa vaziri lavozimi uchun ikki asosiy da’vogardan biri sanaladi. U bu lavozim uchun Vakillar palatasiga Florida shtatidan saylangan, AQSh armiyasi maxsus kuchlari podpolkovnigi Maykl Uolts bilan raqobatlashishi kutilmoqda, predstavitelem Floridy v Palate predstaviteley, pod.

Richard Grenell

Richard Grenell Tramp davrida bir necha bor lavozimini o‘zgartirgan: u Germaniyadagi elchi bo‘lgan, Bolqondagi maxsus vakil sifatida ishlagan hamda Milliy razvedka direktori vazifasini bajargan.

U Donald Trampga 2020 yilgi saylovlarda Nevadadagi natijalar soxtalashtirilganini isbotlashda yordam ko‘rsatgan, bu respublikachilar o‘z g‘alabasiga amin bo‘lgan hudud edi.

Tramp Grenellning sadoqatini qadrlaydi va uni «o‘z maxsus vakili» deb ataydi.

Sentyabrda Grenell Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvida qatnashgan. Tramp bir necha bor lavozimga kirishishi bilanoq, 24 soat ichida Ukrainadagi urushni to‘xtatishi mumkinligini aytgan.

O‘z navbatida, Richard Grenell ushbu maqsadga erishish uchun Ukraina sharqida avtonom hudud yaratishni taklif qilgan. Kiyev bu g‘oyani umuman qabul qilib bo‘lmasligini bildirgan.

Grenell davlat kotibi yoki milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi uchun da’vogar sanaladi, ikkinchi lavozim Senat tomonidan tasdiqlanishni talab etmaydi.

Kerolayn Levitt

Kerolayn Levitt Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida Oq uy matbuot xizmatida matbuot kotibida yordamchi bo‘lib ishlagan va o‘sha vaqtdagi xizmatlari evaziga respublikachilarning 2024 yilgi kampaniyasida matbuot kotibiga aylandi.

27 yoshli Levitt ambitsiyalarga ega. U 2022 yilda o‘zi tug‘ilgan Nyu Hempshirdan kongressmenlikka nomzodini qo‘ygan va agar g‘alaba qozonganida tarixdagi eng yosh kongressvumenga aylangan bo‘lardi, ammo uning kampaniyasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Trampga yaqin bo‘lgan ayrim manbalarga ko‘ra, unga Oq uy matbuot kotibi lavozimi taklif etilmoqda. Bu lavozim egasi Amerika ma’muriyatidagi eng taniqli shaxslardan biri sanaladi.

Tom Homan

Tom Homan Trampning birinchi ma’muriyati davrida AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati bo‘limi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan. U chegarani noqonuniy kesib o‘tishning oldini olish chorasi sifatida migrant bolalarni ularning ota-onasidan ajratish amaliyoti tarafdori.

O‘sha paytda u migrantlar uchun boshpana shaharlar (ya’ni deportatsiya amalga oshirilmaydigan aholi yashash manzillari) g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan siyosatchilarni jinoiy javobgarlikka tortish kerakligini aytganida gazetalarning birinchi sahifalariga chiqqandi.

2018 yilda, Donald Tramp prezidentligi o‘rtasida, u migratsiya xizmatidagi lavozimini tark etadi, shundan keyin migrantlarni yoppasiga deportatsiya qilish bo‘yicha rejani ishlab chiqishdagi muhim figuraga aylanadi.

Homan bu reja haqida oktyabr oyida CBS News uchun intervyusida aytib o‘tgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kvartallarni yoppasiga tozalash emas, balki tergov harakatlari asosidagi maqsadli hibslar bo‘ladi.

Hozirda Homan Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari lavozimi uchun ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: