Xitoy neft kompaniyalari shu yil oxirigicha bir kecha kunduzda 7 million barreldan (bir barrel- 159 litr) neft xarid qiladi. Bu haqda Xitoy neftgaz korporatsiyasi Sinopec saytida ma'lum qilingan.
"Xitoy strategik zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida neft sotib olishni davom ettiradi. Import hajmining ko‘payishiga neftni qayta ishlovchi mustaqil kompaniyalarning qora oltin narxi tushgani va o‘z navbatida benzin qiymati o‘zgarmaganidan foydalanib qolishga urinishlari ham sabab bo‘lmoqda", -deyiladi xabarda.
2016 yilning birinchi choragida Xitoy neft importi hajmini yillik hisobda 13 foizga oshirib, 91,1 mln tonnaga yetkazdi. Bunda kunlik neft xaridi 7,34 mln barrelni(1167000 tonna) tashkil etgan.
Bundan avval, Xitoy Davlat statistika qo‘mitasi 2015 yil boshiga kelib,, milliy neft zaxirasi 12,5 mln tonnaga yetganini ma'lum qilgan edi. Mazkur neft zahiralari Chjetszyan, Shandun va Lyaonin provinsiyalarida joylashgan. Umuman, 2020 yilga kelib, Xitoy strategik neft zahirasi hajmi 40 mln tonnaga (299 mln barrel) yetishi aytilmoqda.