Dunyoning ilk robotlashtirilgan smartfoni yuradi va gapiradi

Fan-texnika 12:25 / 19.04.2016 2084

Sharp smartfonlardan ko‘ra ko‘proq LCD ekran ishlab chiqaruvchisi sifatida mashhur. Biroq Yaponiya firmasi 2015 yili tez orada gapiradigan va yuradigan smartfonini taqdim etishini ma'lum qilib, dunyoni lol qoldirgan edi.

Endi esa kompaniya ushbu g‘aroyib smartfoni chakana savdoga tayyor ekani va 26 maydan 1800 dollar narxda sotila boshlashini e'lon qildi.

RoBoHoN deb nomlangan moslama dunyoning ilk robotlashtirilgan mobil telefoni maqomini oladi. Odamsifat robotcha ikki oyoqlab yura oladi va ixchamgina (bo‘yi o‘rtacha 19,5 santimetr) bo‘lgani uchun istalgan joyga olib yurish ham qulay.

Devays mobil telefonning asosiy funksiyalarini bajara oladi. Shuningdek, qurilma surat yoki videotasvirlarni ekran yoki devorda tomosha qilish imkoni beruvchi proyektor sifatida ham xizmat qila oladi.

Robot-smartfonning noyob “xislat”laridan yana biri u egasining fe'l-atvorini o‘rganadi va foydalanuvchining odatlariga moslashadi.

Masalan, telefon siz uxlab yotgan xonaga yurib kelib, sizni uyg‘ota oladi va ortingizdan yurib, kiyinayotgan chog‘ingizda rejalashtirilgan ishlaringiz haqida eslatadi. U hatto izingizdan oshxonagacha borib, sog‘lom ovqatlanish qoidalari asosida nonushta haqida takliflar berishi mumkin.

Ishxonangizda esa sizning istagingizga ko‘ra, xalal bermaslik uchun joyidan qimirlamay o‘tirishi yoki aksincha, yordamchi-kotibingizga aylanib topshiriqlaringizni bajara oladi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar RoBoHoN funksiyalarini takomillashtirish uchun yangi ilovalar yuklab olish imkoniga ega. Robot-telefon o‘z egasi bilan muloqati tabiiy bo‘lishi va uning holatini yaxshiroq o‘rganish uchun bo‘yini ham o‘stira oladi.

Ushbu telefon Tokio ilmiy tadqiqot markazi professori Tomotaka Takaxashi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Moslama LTE va 3G tarmoqlarida ishlay oladi.

Kompaniya allaqachon moslama savdosi uchun buyurtmalar qabul qila boshlagan. Birinchi oyda 5 ming dona uskuna ishlab chiqariladi.

Ko‘proq yangiliklar: