Fiscal Times: Neft ishlab chiqaruvchilar xursand bo‘ling, narxlar edi oshadi

Iqtisodiyot 00:05 / 09.03.2016 12535

Fiscal Times internet-nashri neft narxi bundan buyon oshishining alomatlarini sanab o‘tdi.

"Neft ishlab chiqaruvchilar xursand bo‘ling! Bozorning to‘lib-toshishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarixdagi eng yomon inqirozlardan biri yaqin orada tugaydi", deb yozilmoqda nashrda.

Nashr bu fikrini PRICE Future Group firmasining energetika masalalari bo‘yicha tahlilchisi Fil Flinnning dalillariga iqtibos keltirgan holda asoslamoqda. Flinn iyulda "qora oltin" narxi 70 dollarga yaqinlashadi, deb hisoblamoqda.

Buning birinchi alomati sifatida Flinn amerikalik neft ishlab chiqaruvchilarning neft qazib olishni kamaytirishini aytmoqda. Tahlilchining fikricha, AQShda qazib olinadigan neft hajmi bu yozda 9 mln barreldan 8 mlngacha kamayishi mumkin.

Flinn aytayotgan ikkinchi alomat – OPeK a'zolari va boshqa davlatlar neft qazib olish hajmini muzlatishidir.

Barcha neft qazib oluvchi davlatlar ham bir-biri bilan yaxshi munosabatda emas, biroq hozirda neft muhimroqdir. "Hozir hamma zarba ostida. Hech kim bu o‘yinni o‘ynashda davom etishni o‘ziga ep ko‘rolmaydi", deb aytmoqda Flinn.

Uchinchi alomat – Eron nefti neft tarmog‘idagi vaziyatning rivojlanishiga kuchli ta'sir qila olmaydi.

Hozirda Eron nefti bozorda paydo bo‘lgan vaqtda bir muammo vujudga keldi: kompaniyalar neftga pul tikishga tayyor emaslar. "Eronda neft qazib olish kutilgandan sekinroq boradi", deb aytdi Flinn.

Oxirgi alomat Xitoy bilan bog‘langan. "Dunyodagi eng yirik neft importyorida iqtisodiy o‘sish sur'atlarining sekinlashishi neft sektoriga kutilgandek ziyon yetkazmaydi", deb aytmoqda tahlilchi.

Xitoyda yonilg‘iga talabning kamayishi va bozorlar qulashi kutilgandi, biroq bozorlarda ham vaziyat ozmi-ko‘pmi barqarorlashgan, neft importi esa rekord darajada qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: