Chagayev va Braun o‘rtasida o‘tkaziladigan revansh jangining ehtimoliy muddati ma'lum qilindi

Sport 09:30 / 09.03.2016 11754

5 mart oqshomida superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasining (WBA) muntazam chempioni kamarini avstraliyalik da'vogar Lukas Braunga boy bergan o‘zbekistonlik bokschi Chagayevning jamoasi revansh yuzasidan muzokaralarni boshlaydi.

TASS axborot agentligi xabarida aytilishicha, bokschilarning vakillari ayni paytda WBA bilan ham muzokara olib bormoqda. Revansh jangi shu yilning avgustida o‘tkazilishi mumkin.

Qayd etish kerakki, Chagayev o‘z kamarini ikkinchi marta himoya qilishda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 2014 yilning iyulida u amerikalik Frens Okendoni mag‘lub etish orqali bu kamarni qo‘lga kiritgandi. 2015 yilning iyulida u italiyalik da'vogar Franchesko Pyanetni birinchi raunddayoq nokautga uchratib, kamarni o‘zida saqlab qolgandi. Uning hisobida professional boksdagi 34 g‘alaba (21 nokaut), 3 mag‘lubiyat va 1 durang bor. Braungacha u faqat ukrainalik Vladimir Klichko hamda rossiyalik Aleksandr Povetkindan mag‘lub bo‘lgandi.

Grozniydagi jangning 10-raundida texnik nokaut orqali g‘alabaga erishgan Lukas Braun esa hali professional boksda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan - 24 g‘alaba (21 nokaut).

Bundan oldinroq Chagayevning jamoasi ushbu jang natijasiga apellyatsiya berishi ma'lum qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: