Rossiyalik tennischi Mariya Sharapovaning advokati Jon Xeggerti tennischidan olingan qon namunasida taqiqlangan modda aniqlangani bilan bog‘liq vaziyatning tafsilotlari bilan bo‘lishdi.
7 martda Sharapova maxsus matbuot-anjumanida uning Avstraliya ochiq chempionatida olingan qon namunasida taqiqlangan modda – meldoniy topilganini tan oldi.
"Biz Xalqaro tennis federatsiyasi bilan bu masalada yaqindan aloqa qilamiz, chunki vaziyatni yumshatuvchi ko‘plab omillar mavjud. Bizning fikrimizcha, jazolash muddatini ancha qisqartirish mumkin. Mening mijozim sportchi uning organizmiga tushuvchi barcha narsa uchun javobgar, deb hisoblaydi. Mijozim butun faoliyati davomida bunga aynan shunday qaragan. Faqatgina yanvarda 25 kun davomidagina uning organizmida taqiqlangan modda bo‘lgan.
Mariya bu vositani 10 yil qabul qilgan. Mariyaning darmonsizligi sabablarini aniqlashi kerak bo‘lgan uzoq davom etgan sinovlardan keyin mildronatni qabul qilishni Mariyaga uning shifokori tavsiya qilgan. Shifokor Mariyada EKGning noodatiy ko‘rsatkichlari, qandli diabetga moyillik, magniy darajasining pastligi va immun tanqisligini aniqlagan. Mariyaning salomatligini yaxshilashi kerak bo‘lgan muayyan vositalarni yozib berish yoki tavsiya qilish shifokorning ishidir. U barcha dorilarni tekshirgan va o‘sha paytda aniqlangan modda qora ro‘yxatda bo‘lmagan. Bu dorilar Sharapovaga yordam berdi, uni kortga qaytardi va salomatligi bilan bog‘liq muammolardan xalos bo‘lish yoki ancha kamaytirishga imkon berdi. 10 yil davomida u bu dorilarni oshkora va qonunga mos ravishda qabul qilgan. Afsuski, Mariya mildronat 1 yanvardan taqiqlangan vositalar qatoriga kirganini nazardan qochirgan", deb Xeggertining so‘zlarini keltirmoqda Sports Illustrated nashri.