O‘zbekistonda yaqin ikki yil ichida shishakristallit ishlab chiqaruvchi birinchi yirik korxona ishga tushiriladi, deb ma'lum qildi Sputnik axborot agentligi muxbiriga "O‘zqurilishmateriallar" AKdagi manba.
Yangi zavod Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida "Kristall" korxonasi negizida joylashadi. Birinchi bosqichda yangi korxonada yiliga 100 ming kvadrat metrgacha shishakristallit ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Manbaning ta'kidlashicha, qurilish hajmining kengaytirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yangi turdagi materiallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishni talab qiladi.
Shishakristallit yonmaydigan qurilish bezak materiali bo‘lib, yuqori harorat yoki alanga ta'sirida alangalanmaydi, zaharli moddalar chiqarmaydi. Bu ayniqsa, O‘zbekistonda binolar va sanoat obektlari yong‘in xavfsizligi talablari muntazam qat'iylashtirilib borilayotgan sharoitlarda juda muhimdir.
Shishakristallit an'anaviy bezak materiallaridan farqli o‘laroq, bir qator qimmatli sifatlarga ega. U gigiyenik jihatdan toza, yuqori mustahkamlikka ega va uzoq vaqtga chidamli, quyosh nuri ta'sirida rangi o‘chmaydi. Shishakristallitning oxirgi sifati O‘zbekistonning issiq iqlim sharoitida ayniqsa qo‘l keladi.
Yangi zavodni 2016 yil yoki 2017 yilning birinchi yarmida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 10 mln dollarga yaqinni tashkil qiladi, mablag‘lardan yarmini xorijiy sarmoyachilar ajratadi. Hozirda bu borada bir nechta xorijiy kompaniyalar, jumladan Xitoy, Janubiy Koreya va Turkiya kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.