Filmgacha.
2016 yil 6 mart. Yakshanba. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy hovlisi odamlar bilan liq to‘la ekanini ko‘rib, “Majnun” ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘ota olganini anglash qiyin emasdi. Rosa “nog‘ora” qilingan filmning qanday chiqqani bilan bog‘liq savol tomoshabinlaru kinochilar nigohida aks etib turardi.
Tan olish kerak, tashkilotchilar premeraga alohida tayyorgarlik ko‘rgan. Ijodkorlar qizil yo‘lakchalarda saroyga kirib kelishdi(doim ham bu kuzatilavermaydi).
Zal esa odamlar bilan liq to‘la. O‘tirishga joy yo‘q. Ayrimlar tik turib, tomosha qilishga ham rozi. Xayron qoladigan tomoni shuki, bir xil raqamlar bir necha taklifnoma-chiptalarda. To‘g‘risi, buning sababini anglolmadik. Mayli, har holda premeraga shunchalik katta qiziqish bo‘lgani uchun xursand bo‘laqolaylik(qaniydi barcha milliy filmlarga shunday qiziqish bo‘lsa).
Kinoijodkorlarni tanishtirish marosimi doimgidek o‘tdi. Film rejissyori Jahongir Ahmedov o‘z so‘zida Ulug‘bek Qodirov bilan bog‘liq mojarolaru mish-mishlarga oydinlik kiritishni ham unutmadi(premeradan avval “rejissyor va Ulug‘bek Qodirov sudlashayotganmish” qabilidagi gap so‘zlar bolalagandi). Boshlovchi Akmal Mirzoning shu mavzudagi savoliga “Sudlashuv tugadi, aybdor bo‘ri jazolandi”, deya hazil aralash javob berdi.
Ana endi film haqida.
Jahongir Ahmedovning doimiy komediyalariga ko‘nikkanlar undan bunchalik jiddiy film kutishmagani aniq. Shu jihatdan serqirra ijodkorni bu shijoat bilan tabriklasak bo‘ladi. Ora-chorada zalni zaruriyat yuzasidan tark etganlarni hisobga olmaganda, deyarli hamma filmni oxirigacha tomosha qildi. Demak, kinokartina tomoshabinni ushlab tura oldi.
Film mehvarida muhabbatga sadoqat tuyg‘usi turadi. Har bir obrazning o‘z yuki, dil og‘riqlari, kichik bo‘lsa-da, fojiasi bor. Bosh qahramon sobiq futbolchi Sardor Komilov (Ulug‘bek Qodirov), jurnalist Iroda (Asal Shodiyeva), narkotikaga ruju qo‘ygan Nodir (Elyor Hoshimov), cho‘pon Qilich (Muhammadiso Abdulhayirov)dan tortib, Asad cho‘pon(Matyoqub Matchonov) va Qilichning xotini(Ra'no Shodiyeva)gacha.
Filmdagi obrazlarni kuzatib, “nega bunday” degan savolga kerakli javob oldik. Masalan, giyohvand yigit. Bir qiz, ya'ni Irodaning unga turmushga chiqmagani, 3 yil sovchilarini qaytargani uchungina Nodir narkotikka berildimi yoki faqat sevgi sabab joniga qasd qildimi, degan tabiiy savol tug‘ildi. Ishonarsizroq sababdek, go‘yo. Aslida esa, uning isyoniga birgina muhabbat sababchi emas ekan. Tajanglik, qo‘rslik, isyon oilaviy muammolar, bolalikdagi fojialarga borib taqalishi film yakunida ayon bo‘ldi.
Rejissyor filmdagi dialoglarni juda ziyraklik bilan qurgan. Ko‘pincha tomoshabinda tug‘iladigan tabiiy savollarga, u zum o‘tmay, javob berib ketadi. Masalan, bedarak yo‘qolgan futbolchini qidirib yaylovga borgan jurnalist qiz va Asad cho‘ponning ilk dialogida huddi shunday holat kuzatiladi. O‘zidan yoshi ulug‘ cho‘pon bilan gaplashayotgan shaharlik qiz(qora ko‘zoynak taqib olgan) undan yo‘qolgan futbolchi haqida so‘raydi. Cho‘pon yigitning o‘lganini aytadi. Qiz esa ishonmay,“Yolg‘on gapirish sizga yarashmas ekan”, deydi. Shu yerda tomoshabin mushtdek qizning bunday kutilmagan “ayblov”iga kerakli javob kutadi. Javob esa kutilmagan tarzda yangraydi: “Shim kiyish qiz bolaga yarashmaydi. Qiz bola lozim kiygani ma'qul”. To‘g‘ri, hamma ham bu fikrga qo‘shilmasligi mumkin. Ammo ko‘pni ko‘rgan, milliy qadriyatlariga sodiq cho‘pon haq gapni aytdi. Rejissyor odob haqida uzundan-uzoq va'zxonlik qilmay, ikki-uch og‘iz gap bilan qizga tanbeh bera oldi. Shu joyda zalda gulduros qarsak yangradi. Bu vaziyatga xalqning xolisona munosabat, aslida.
Shu vaziyatda o‘zidan katta odam bilan qora ko‘zoynagini yechmasdan gaplashayotgan qizga g‘ashingiz kelib turadi. “Rejissyorning, nahotki, shunga ham aqli yetmagan”, degan fikr xayolingizdan “lip” etib o‘tadi. Zukko rejissyor esa, bunga qahramon tili bilan javob beradi: “O‘zidan kattalar bilan gaplashayotganda, ko‘z oynakni yechib gaplashiladi”, deb yosh qizni uyaltiradi.
Bunday vaziyatni filmda yetarlicha topish mumkin. Voqealar rivoji sust kechsa-da, sekin-asta obrazlar bilan bog‘liq tugunlar yechila boradi. Muhabbati sabab, olis-olislarga bosh olib ketgan, o‘ligi ham, tirigi ham noma'lum bosh qahramonni jurnalist qiz hayotga qaytara oldi. Rejissyor ishqilib ikkovini baxtli qilib yubormasa bo‘ldi, degan fikrga kelasiz. Sevgi sabab, jununga, telbaga aylangan Sardor (Ulug‘bek Qodirov)“Yoqtirganingiz bormi”, deb so‘raganida, “Qo‘y-ye, Nortoy”, devorasiz. Xotinini bir pasda esidan chiqarvordimi?! Bu yog‘i Gollivudu Bollivud stilidagi “Happy end” bo‘ldi-ku, deb, kulasiz. Buni oldindan sezgan rejissyor esa darhol yo‘lni o‘zgartirib, sizni uyaltiradi...
Aytish kerakki, film butkul dramatik kayfiyatda emas. Orada Asqar Hikmatovning qahramoni chiqib, tomoshabinga yengil tabassum ulashib turadi. Nari borsa, 3-4 marta ko‘ringan bu obraz faqatgina kulgu ulashib qolmagan. Bosh qahramon haqidagi ilk muhim ma'lumotni jurnalist qizga aynan shu obraz yetkazadi. Shuningdek, qizni u hazilaralash gapi bilan maqsad sari olg‘a intilishga undaydi. Bunaqa obrazlarni filmdan yetarlicha topish mumkin.
Majnunlik. Bu filmda jununlik qismatiga mahkum bitta emas, nazarimizda. Sardor, Nodir, Qilich—taqdir ularning barchasini shu qismatga mahkum qilgan.
Aktyorlar ijrosi.
Filmning aktyorlar ansambli yaxshi yig‘ilgan: Ulug‘bek Qodirov, Asal Shodiyeva, Matyoqub Matchonov, Muhammadiso Abdulhayirov, Elyor Mahkamov, Ra'no Zokirova, Ra'no Shodiyeva, Elyor Nosirov, Shohida Ismoilova, Sohib Abbosxon va boshqa yosh aktryolar.
Ulug‘bek Qodirov o‘z “repertuari”da. Kamgap, sadoqatli, xijrondan jununga aylangan oshiq. O‘z obrazini yaxshi ijro etgan.
Asal Shodiyeva “ulg‘aymoqda”. Sevgi-muhabbat mavzuidagi obrazlarida gavdalanuvchi yosh qizaloq jiddiy obrazlarni talqin etishga kirishgani sezildi.
Matyoqub Matchonov ham yanayam jiddiylashmoqda. Kinolarda tomshabinlarni kuldirib yuradigan aktyor bu safar o‘z salobati bilan sizni “hurkitadi”.
Muhammadiso Abdulhayirov umuman jiddiy. Bugungi kinoafishlarning barchasida uni uchratasiz va barchasi o‘xshash komik obraz: telba-teskari fikrlar, kulguli hatti-harakatlar. Ammo “Majnun”da unday emas. Muhabbati armonga aylangan qo‘rs cho‘pon. Yarashgan.
Operatorlik ishi.
Ha, film operatori keng yaylovlarda yayrab ishlagani sezilib turibdi. Uning ijodiga “besh” baho qo‘yish mumkin. Planlar o‘zgarishi, detalizatsiya, ulkan yaydoq yaylovlar tasviri, obrazlarning kayfiyatini ifoda etgan nur va soyalar—barchasi ta'sirchan. Ayniqsa, tungi tasvirlar. Aktyor yulduzlari charaqlab turgan osmon ostida ot choptirib boradi. Tasvir juda go‘zal. Go‘yo qo‘l uzatib, yulduzlarni tutib olish imkoni bordek. Tomoshabinlarning tasvirlarni ko‘rish chog‘idagi hayratlari buni isbotlay oldi. “Gap ko‘p, ko‘mir oz” deganlaridek, yaxshisi, buni ko‘rish kerak.
Musiqa.
Taniqli kompozitor Doniyor Agzamov shu ketishda Tomas Nyumanga yetib oladiyov(to‘g‘ri-da, odam qilgan ishni odam qiladi). Film musiqalari obrazlar xarakteri va voqealar bayonida muhim rol o‘ynagan. O‘zbek rejissyorlarini musiqaga jiddiy e'tibor berayotgani ishga bo‘lgan professional yondoshuvdan darak bermoqda. Buni faqat olqishlash kerak.
Xulosa.
Ha, o‘zbek kinosi qayta uyg‘onmoqda. Ma'lum davrlar bo‘ldi: hamma kinoga qo‘l urdi, hamma o‘zini sinab ko‘rdi. Bemaza qovunning urug‘idek ko‘p va bemazmun filmlar urchidi. Ayniqsa, xususiy filmlar. Biroq asta-sekin ijodkorlar saralanmoqda. Tasodifiy odamlar kamayib borayapti. Kassaga ishqibozlik kasali chekinmoqda. Saviyali, sifatli filmlar kirib kelayapti. Quvonarlisi, filmlar qaynona-kelin singari maishiy, mayda, siyqa mavzulardan qutulmoqda.
Kamchiliklar: “yo‘q” desak, mubolag‘a bo‘ladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, voqealar sekin rivojlangan. Bosh qahramon Irodaning giyohvand yigitga bo‘lgan asl munosabati mavhum. Sevadimi, yo‘qmi, degan savolga javob yo‘q. Balki, faqat menga shunday tuyulgandir?! Bo‘rilar bilan bog‘liq sahnalar yetarli darajada emas. Buni yanada faollashtirish kerakmidi?!
Jahongir Ahmedovning “Majnun” filmini sifatli kino asarlar sirasiga kiritish mumkin. Umumiy qilib aytganda, jamoa yaxshi ishlagan va ko‘rimli film yaratgan. Film geografiyasi ham katta. Muammoni dekoratsiyalar bilan hal qilishga urinilmagan. Tabiiylikka intilib, tog‘ni tog‘da, bog‘ni bog‘da olgan.
P/S: Odamlar shunchalik ko‘pligidan, filmni tik oyoqda turib, ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Menga “qismatdosh” zalda kam emasdi. Ijodkorlar guruhi ham shular jumlasidan. Qo‘shiqchi Shohruxxon, Asal Shodiyeva, rejissyor Rustam Sa'diyev ham tik oyoqda turib, oxirigacha tomosha qildi. Bundan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Xullas, “O‘nta shap-shapdan, bitta shaftoli yaxshi”, deganlaridek, yaxshisi, vaq topib, filmni kinoteatrda o‘zingiz tomosha qiling!
Muslim Mirzajonov,jurnalist